Ukraina dunyodagi ilk ekipajsiz katerlar flotini qurish uchun pul yig‘ishni boshladi. Ushbu kampaniya prezident Volodimir Zelenskiyning Telegram kanalida e’lon qilindi. Ukrainadagi urush ramzlaridan biriga aylangan oddiy va xudkush dronlardan so‘ng, endilikda bu texnologiya harbiy-dengiz sohasiga ham kirib kelmoqda. Bu turdagi qurilmalar suvda qanchalik foydali bo‘ladi?

Dron ko‘p maqsadli hisoblanadi, undan jangovar kemalarga zarba berishda ham foydalanish mumkin. Foto: SCREENSHOT U24.GOV.UA

Prezident Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, dengiz dronlari Ukrainaga dengiz suvlari va tinch aholi yashovchi shaharlarni rus kemalaridan otiluvchi raketalardan himoya qilish uchun kerak.

Bundan tashqari, Zelenskiyning yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari ushbu katerlardan Ukraina portlaridan don olib ketayotgan fuqarolik kemalariga qo‘yilgan blokadani olib tashlashda ham foydalanadi.

Qayiqlar uchun mablag‘ to‘planayotgan UNITED24 sayti dengiz dronining taktik-texnik xususiyatlari, shuningdek, uning ba’zi detallari va tashqi ko‘rinishi aks ettirilgan videoni e’lon qildi.

UNITED24 – Ukraina hukumati tomonidan mamlakatga yordam berish uchun mablag‘ to‘plash maqsadida tashkil qilingan loyiha. Saytning bosh sahifasida aytilishicha, sayt prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan ochilgan.

«Yengilmas» degan mif qariyb parchalandi: Rossiyaning Qora dengiz flotidan nima qoldi?

Avtonom qurilma

UNITED24 saytida dronning taktik va texnik xususiyatlari e’lon qilindi. Gap o‘z-o‘zini portlatish yo‘li bilan nishonga zarar yetkazuvchi uncha katta bo‘lmagan qurilma haqida bormoqda. Bunday apparatlar ko‘pincha «kamikadze» (xudkush) deb ataladi.

UNITED24 ma’lumotiga ko‘ra, avvaliga bunday dronlardan 100 tasini tayyorlash mo‘ljallangan. Foto: SCREENSHOT U24.GOV.UA

Kamikadze qayiqning uzunligi 5,5 metr, suzish masofasi – 800 kilometrgacha, davomiyligi – 60 soat, maksimal tezligi – soatiga 80 kilometr, jangovar kallak sig‘imi esa – 200 kilogramm.