«Zamin» fondi va YUNISEF tomonidan Butunjahon bolalar kuniga bag‘ishlab gibrid formatda «Bolalarning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash» mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Tadbirda BMT va uning tarkibiga kiruvchi tuzilmalar rahbariyati, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus, davlat idoralari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ozarboyjon, Malayziya, Vengriya va boshqa mamlakatlarning ilmiy va pedagogik doiralari vakillari hamda ekofaollar ishtirok etdi.

Forumda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva nutq so‘zladi.

Foto: «Zamin» fondi

«O‘zbekistonning bolalar, yoshlar, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish harakatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qo‘shilganini chin dildan olqishlaymiz. Bu muhim qadam, mamlakatimiz bolalarning tom ma’noda hayoti uchun, yorqin kelajagi uchun kurashishga sodiqligining belgisi. Sog‘lom sayyora, toza havo, xavfsiz muhit. Aynan shular bolalarning voqeligiga aylanishi shart. Biz shunchaki qarab tura olmaymiz. Har birimizning hissamiz, tabiat uchun qilgan har bir harakatimiz barqaror atrof-muhitga erishish yo‘lida muhim o‘rin tutadi. Faqatgina birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va aniq amallarimiz bilan ushbu maqsadga erishishimiz mumkin», - dedi Ziroat Mirziyoyeva.

Qayd qilish joizki, O‘zbekiston MDH hududida ushbu deklaratsiyaga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi.

Foto: «Zamin» fondi

Deklaratsiyada hukumatlarning iqlimga doir siyosatda va harakatlarda bolalarning huquq va manfaatlarini barcha darajalarda izchil hisobga olish borasidagi qator majburiyatlari aks etgan.

Forum iqlim o‘zgarishining atrof-muhitga salbiy ta’sirlarini yumshatish, bu borada inson huquqlari, ayniqsa yosh avlod huquqlarini samarali ro‘yobga chiqarish masalalariga bag‘ishlandi.

Muloqot maydoni ishtirokchilari iqlim o‘zgarishi zamonamizning asosiy tahdidlaridan biri ekani, odamlar, ayniqsa yoshlar va bolalarning hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani borasida yakdil fikr bildirdilar. Ushbu muammoni kechiktirmasdan hal qilish zarurligidan so‘zga chiqqanlarning xavotirli raqam va faktlari ham dalolat beradi.