Yordam paketi rossiyaliklarning havo hujumlariga qarshi turish uchun ko‘zda tutilgan.

Harbiy yordam Ukraina shaharlariga hujum qilayotgan Eron dronlariga qarshi kurashish uchun 125 ta zenit qurilmalari va texnologiyalarini, jumladan o‘nlab radarlar va dronlarga qarshi turish uchun radioelektron kurash vositalarini o‘z ichiga oladi. 

«Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinini jang maydonida chekintirayotgan mahalda tinch aholi vakillari havodan shafqatsizlarcha qilinayotgan hujumlarga duchor bo‘lmoqda. Bugun biz yangi havo hujumidan mudofaa vositalari, jumladan zenit qurollar, radarlar va dronlarga qarshi turish uchun qurilmalar taqdim etamiz, shuningdek sovuq va qahraton qish oldidan gumanitar yordam hajmini oshiramiz», degan britanlar bosh vaziri.

Rishi Sunak Buyuk Britaniya ukrain harbiylarini o‘qitish dasturi kengaytirilishini ham e’lon qildi
UKRAINIAN PRESIDENT'S OFFICE

Rishi Sunak Buyuk Britaniya ushbu mamlakatga ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatishni uchun tajribali armiya shifokorlari va muhandislarni yuborish orqali ukrain harbiylarini o‘qitish dasturini kengaytirishini ma’lum qildi.

Avvalroq noyabr oyi boshida Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Ukrainaga mingdan ortiq yangi zenit raketalari yuborilishini ma’lum qilgandi.

Bosh vazir o‘z tashrifi chog‘ida ukrainlar tomonidan qo‘lga kiritilgan, so‘nggi oylarda rossiyaliklar jang maydonida qo‘llab kelgan Eron dronlarini ko‘zdan kechirdi.

Rishi Sunak o‘z vatanini himoya qilish uchun janglarda halok bo‘lgan ukrainlarni xotirladi. Foto: REUTERS

Sunak shuningdek urushda halok bo‘lganlar xotirasiga gul qo‘ydi va 1930-yillardagi Golodomor qurbonlari yodgorligi poyiga sham yoqdi, so‘ngra o‘t o‘chiruvchilar qismida qutqaruvchilar bilan uchrashdi.

«Men Birlashgan Qirollikning avvalboshdan Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganidan faxrlanaman. Men bugun Buyuk Britaniya va ittifoqchilarimiz Ukrainani qo‘llashda davom etishini aytish uchun shu yerdaman. Chunki Ukraina bu vahshiyona urushni to‘xtatish va adolatli dunyo uchun kurashmoqda», — dedi britaniyalik bosh vazir.

Ukraina rasmiy shaxslariga ko‘ra, Rishi Sunakning Kiyevga havo hujumidan mudofaa vositalari bilan yordam ko‘rsatish va’dasi - prezident Zelenskiy undan eshitishni istagan gap edi, chunki rossiyaliklarning aviazarbalari mamlakat energetika infratuzilmasining qariyb 50 foizini yakson etgan.