Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan, Rossiya fuqarosi oligarx Alisher Usmonovga kiritilgan sanksiyalar oqibatida Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida siyosiy taranglik yuzaga kelgan. Bu haqda Spiegel nashri o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvda aytiladi.

Germaniyalik tergovchilar Alisher Usmonovni juda katta miqdorda pul yuvish va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblamoqda.

Nemis nashrining ma’lum qilishicha, Usmonovning Germaniyadagi villalarida tintuv o‘tkazilgach, ikki mamlakat diplomatlari o‘rtasida bahsli muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Sentyabr oyi oxirida ushbu masalani muhokama qilish maqsadida Toshkentdagi Germaniya elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Usmonov masalasi rasmiy Berlin yuqori doiralarigacha ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Berlindagi elchisi Germaniya tashqi ishlar vazirligidan Jinoiy politsiya Federal byurosi bilan uchrashuv tashkil qilishni so‘ragan. Lekin elchining bu iltimosi qabul qilinmagan.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi Reuters nashrining holat yuzasidan izoh so‘rab yuborilgan so‘roviga javob bermagan.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Toshkentdagi Germaniya elchixonasi holatni «rad ham qilmasligi va tasdiqlamasligini ham» aytdi. Shuningdek, elchixona bu masala yuzasidan izoh bermasligini bildirdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bu masalada izoh so‘rab yuborilgan so‘rovlarga javob bermadi.

Alisher Usmonovning matbuot xizmati pul yuvish va soliqlardan qochish bo‘yicha ayblovlarning hech qanday asosi yo‘qligini bildirgan.

Biznesmen 2014 yildan buyon Rossiya Federatsiyasida soliqlarni to‘layotganini, bu esa Germaniya va RF o‘rtasidagi ikki tomonlama soliq to‘lashlarning oldini olishga doir kelishuvga mosligini bildirgan. Usmonov jamoasi pul yuvish bilan bog‘liq har qanday taxminlar yolg‘on va tadbirkorni obro‘sizlantirishini aytmoqda.