Pentakampeonlar yana bir bor yangi laqabni olish uchun urinib ko‘rishadi. 20 yil mobaynida brazillar faqat besh karra jahon chempionlari deb atab kelinmoqda va ular Qatarda buni o‘zgartirish uchun juda kuchli tarkib yig‘ishdi. Jamoaning asosiy yulduzi Neymarni Qatarda mahalliy muxlislar ham qo‘llashi tayin. Brazillarning kuchli tomonlarini sanashdan ma’no yo‘q, faqat kuchsiz tomonlarini qidirib ko‘rish kerak.

Serbiya esa shu ish bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Yevropaning aynan shu jamoasini tez-tez navbatdagi mundialning sirli toychog‘i deb atashadi. Nikola Milenkovich, Sergey Milinkovich-Savich va Aleksandr Mitrovich muvaffaqiyatli ishtirok bilan top-klublar nazariga tushishi mumkin, Dushan Vlahovich jahonning eng yaxshi forvardlaridan biri ekanini isbotlashi kerak, Dushan Tadich esa faoliyati yakunlanayotgan mahalda shovqin ko‘tarishga urinib ko‘radi.

Argentina va Germaniya allaqachon sovrin uchun da’vogarlik og‘ir vazifa ekanini anglab yetishdi, Angliya, Fransiya va Ispaniya esa hozircha o‘z muxlislarini qiynashmayapti. Bugun Braziliya qaysi tarafga qo‘shilishi ma’lum bo‘ladi.

Neymarga qaramlik

Aytish mumkinki, Braziliya muxlislarida to‘rt yil oldingi mundial arafasida hozirgi kabi yuqori optimizm yo‘q edi. Shu bilan birga, jamoaga nisbatan ijobiy kayfiyat yuzaga kelib bo‘lgandi, chunki Dunga davrida zerikarli futbol bilan assotsiatsiya qilingan jamoaga Tite kelgan va o‘zgarishlar boshlagan, «Selesao»ning saralash bosqichidagi o‘yinlari umid baxsh etardi. Ammo shu bilan birga, bu xavotir ham uyg‘otardi.

Birinchidan, bosh murabbiy bunday darajada hali debyut qilmagandi. Ikkinchidan, ko‘pchilik hali 2014 yilda uy chempionati yarimfinalida Germaniyadan qabul qilib olingan sharmandali mag‘lubiyatni unuta olmagandi. Qolaversa, o‘sha yil fevralida og‘ir jarohat olgan Neymarning holati bo‘yicha savollar ko‘p edi va may oyida turnir uchun zayavka e’lon qilinganida u hali safga qaytmagandi.

U yakunda turnirda ishtirok eta oldi va hatto ikki gol urdi, ammo bu butun jamoani o‘z torta oladigan Neymar emasdi. Shu bilan birga, jamoa unga kuchli darajada qaram edi, chunki 2014 yildagi dahshat jamoa «o‘nligi» jarohat olib, safdan chiqqani tufayli ham ro‘y bergandi. Tite bu qaramlikka davo topdi va Braziliya 2019 yilgi Amerika Kubogida Neymarsiz ham g‘alaba qozondi.

Lekin o‘z-o‘zidan tushunarliki, u bilan pentakampeonlarning optimal holati yanada kuchliroq bo‘ladi. Va aynan hozir — singlisining memlarga aylangan tug‘ilgan kuniga hali bir necha oy vaqt borligida — Neymar yirik turnirga deyarli ideal holatda tashrif buyurdi. 19 o‘yinda 15 gol va 12 uzatma — bu «PSJ»ning Fransiya chempionatidagi dominionligi inobatga olinganda ham kosmik natija. Va qiziq tomoni: Tite Neymar amalda ikkinchi forvard rolida o‘ynayotgan Parij tajribasini takrorlab ko‘rishi mumkinmi?