«O‘zbek futboli nuroniysi» - O‘zbek futboli tarixidagi eng yorqin yulduzlardan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, «Shuhrat» medali sohibi — Birodar Abduraimov «O‘zbek futboli nuroniysi» sovrini bilan taqdirlandi.

«Fidoyilik ramzi» - qariyb 35 yildan buyon qo‘qonlik futbol muxlislari, Qo‘qonga tashrif buyurayotgan futbol jamoalari uchun xizmat qilayotgan inson, 70 yoshli Anvar Oxunov «Fidoyilik ramzi» sovrini bilan taqdirlanadi. «Qo‘qon-1912», «Turon», «Neftchi», «Do‘stlik-Oltiariq» kabi jamoalar muxlislari o‘z stadionlarini Anvar akaning ovozisiz tasavvur qila olmaydi.

«Feyr-pley» - Mavsum davomida eng kam budjet aynan «Xorazm» futbol klubida edi. Superliganing ayrim jamoalari «Xorazm» klubining smetasidan 20 barobar ko‘piga ega. Shunga qaramay, xorazmlik futbolchilar haqiqiy iroda ko‘rsatdi. Yigitlar bir necha oy maosh olmagan holatida ham g‘urur va nomusidan voz kechmadi. Ular o‘z ota-onasi, oilasi va muxlislari uchun oxirigacha jang qildi. O‘ta kam smeta bilan Pro liganing to‘rtinchi jamoasi bo‘lish tahsinga sazovor.

«Eng yaxshi yoshlar murabbiyi» - O‘zbekiston U-18 jamoasi bosh murabbiyi Farhod Nishonov bu sovringa munosib topildi.

«Ayollar Oliy ligasi to‘purari» - «So‘g‘diyona-W» klubi yetakchisi Diyora Habibullayeva 37 ta gol bilan joriy mavsumning Ayollar Oliy ligasi to‘purariga aylandi.

«Ayollar Oliy ligasi yil futbolchisi» - «Sevinch» klubi vakilasi Maftuna Shoyimova «Ayollar Oliy ligasi yil futbolchisi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

«Ayollar Oliy ligasi murabbiyi» - «Sevinch» klubi bosh murabbiyi Vladislav Xan «Ayollar Oliy ligasi murabbiyi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

Yil hakamlari — Vadim Agishev va Roziyabonu Yusupova

O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi yosh futbolchisi - Abbosbek Fayzullayev (Paxtakor va O‘zbekiston U20 jamoasi a’zosi).

19 yoshli yarimhimoyachi «Paxtakor» bilan Superligada chempion bo‘ldi, 21ta bahsda 5ta gol va 2ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. O‘zbekiston U-23 safida Osiyo kubogida kumush medalni qo‘lga kiritdi.