O‘zbekiston | 16:09 / 26.11.2022
26799
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ekanligiga ko‘pchilik ishonmaydigan joy – Darband |Fotojamlanma

Ushbu maskanning suratlarini ko‘rgan ko‘plab tanishlarimiz shunday joy O‘zbekistonda ekaniga ko‘pincha ishonishmaydi. Xaritani yoki internetdagi ma’lumotlarni ko‘rsatganimizdan keyingina ishonishadi. Bunday o‘ziga xos va maftunkor maskan O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida joylashgan.

Foto: Kun.uz

Darband qishlog‘i Surxondaryoning Boysun tumanida joylashgan. Darband so‘zi forschadan dar — eshik, dara; band — mustahkam, berk, to‘siq degan ma’nolarni anglatadi. Qishloq qadimdan katta ahamiyatga ega, tranzit vazifasini bajargan. Qishloq orqali o‘tgan yo‘l Buxoro amirligi davrida amirlikning g‘arbiy qismini sharqiy qismi bilan bog‘lovchi eng yaqin yo‘l hisoblangan. 1929 yilda Termizga temiryo‘l olib kelinganidan so‘ng qishloq hududidan o‘tgan yo‘l o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Lekin hozirda ham qishloq hududidan o‘tgan yo‘l Qashqadaryo va Surxondaryoni bog‘lovchi yo‘llardan biri.

Darbandda uchta dara bor, birinchisi Darband darasi, ikkinchi darani ko‘pchilik Darband koneni deb ataydi. Uchinchisi esa Buzrukdara, ya’ni buyuk dara deb ataladi. Oh, bu daralar, bu yerga kirgan odam o‘zini boshqa olamga tushib qolgandek his qiladi. Ba’zi blogerlar aytganidek, bu qaysidir boshqa davlat emas, bu aynan O‘zbekiston.

Darband qishlog‘i aholisi asosan chorvachilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Erkaklarning ko‘pchiligi esa chet elda ishlaydi.

Darbandga kelishning eng afzallik tarafi, poyezdda borishingiz bilan qishloqqa tushasiz, ya’ni poyezddan tushib yana qanchadir yo‘l yurib manzilga borishga hojat yo‘q. Eng yaxshi tarafi — har kuni  poyezd bor, haftada ikki kun vodiydan ham poyezd boradi. Sizga tavsiya qiladiganimiz o‘sha-o‘sha, ming marta eshitgandan bir marta borib ko‘rgan afzal. Darbandga boring.

Mavzuga oid