O‘zbekiston | 10:59 / 26.11.2022
2530
2 daqiqa o‘qiladi

«Ulug‘bek» jamg‘armasi huzurida o‘quv kurslari tashkil etiladi, bitiruvchilar vazirliklarga ishga tavsiya qilinadi

“Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi huzurida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” o‘quv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Axborot texnologiyalari vazirligi, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi va Toshkent shahridagi Inha universiteti hamkorligida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” o‘quv kurslarini tashkil etish taklifiga rozilik beriladi.

O‘quv kurslari asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa xo‘jalik birlashmalarida matematik statistika, dasturiy ta’minot asosida ma’lumotlarni qayta ishlash, ular asosida boshqaruv qarorlarini tayyorlash bo‘yicha o‘z ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqa oladigan mutaxassislar tayyorlash;

davlat boshqaruvidagi samaradorlikni oshirish borasida ilg‘or xorijiy tajribalarga asoslangan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, davlat boshqaruvida raqamli texnologik yechimlarni integratsiya qilish bo‘yicha malaka oshirish tizimini joriy etish;

iqtisodiy va ijtimoiy yo‘nalishlarda resurslarni taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlarini tahlil qilish, ma’lumotlarni qayta ishlashda raqamli yechimlardan foydalanish bo‘yicha boshlang‘ich darajadagi mutaxassislarni tayyorlash.

Belgilab qo‘yilishicha, o‘quv kurslariga ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizom talablariga javob beradigan respublikada faoliyat yurituvchi davlat oliy ta’lim muassasalari talabalari tanlov asosida qabul qilinadi, bunda:

birinchi o‘quv yilida kamida 60 nafar tinglovchi qabul qilinadi, keyingi yillarda tinglovchilar soni ehtiyojdan kelib chiqib oshirib boriladi;

ta’lim olish muddati kadrlar buyurtmachilari bilan kelishilgan holda Blended learning-aralash ta’lim texnologiyasi asosidagi o‘quv dasturiga muvofiq tashkil etiladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, o‘quv kurslari bitiruvchilari Axborot texnologiyalari vazirligi va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi tavsiyanomalari asosida vazirlik, idoralar, davlat tashkilotlari hamda xo‘jalik tashkilotlariga ishga qabul qilishga tavsiya qilinadi.

Mavzuga oid