Buxoro viloyat sudida Nukusda 1−2 iyul kunlari sodir bo‘lgan tartibsizliklar yuzasidan sud jarayonining birinchi kuni o‘tdi. Kunning ikkinchi yarmida prokuratura 22 nafar gumonlanuvchiga nisbatan ayblovlarni o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov bugungi sud majlisida davlat ayblovchisi (prokuratura) tomonidan o‘qib eshittirilgan ayblov xulosasining qisqacha mazmunini keltirdi:

Unga ko‘ra:

D. Tajimuratov uyushgan guruh tashkil qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida joriy yilning 1-2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan;

L. Qallixanova ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm (ayirmachilik) g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan;

Nukus olimpiya zaxiralari kolleji direktori A. Turdanov 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilar ishtirok etishini ta’minlagan va D. Tajimuratovni yelkasiga o‘tkazib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borgan;

Chimboy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi A. Smetullayev va «Qorao‘zak Sahib» MChJ direktori D. Djiyemuratov 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham faol ishtirok etib, D. Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlaganlar;

«Ayama» veb-sayti ma’muri, bloger B. Kadirbergenov odamlarni ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, Jo‘qorg‘i Kenges va Nukus xalqaro aeroporti binolarini bosib olishga da’vat qilgan; 

B. Seytniyazov Qozog‘iston Respublikasidagi «Allayar joly» diaspora a’zosi bo‘lib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishga va D. Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlovchi bannerlar tayyorlashga yordam bergan;