Jahon | 18:29 / 03.12.2022
9692
2 daqiqa o‘qiladi

JSST dunyo aholisining 90 foizida koronavirusga qarshi immunitet borligini e’lon qildi

Pandemiya o‘zining favqulodda bosqichidan o‘tdi, ammo hali tugamadi.

Foto: Getty Images

Dunyo aholisining kamida 90 foizida Covid-19 kasalligiga qarshi immunitet shakllangan, dedi JSST rahbari Tedros Gebreyyesus. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu emlash yoki avvalroq odamning koronavirus bilan kasallanganligi tufayli sodir bo‘lgan.

«JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda dunyo aholisining kamida 90 foizi o‘tmishdagi infeksiya yoki emlash orqali SARS-CoV-2 virusiga qarshi ma’lum darajada immunitetga ega. Biz pandemiyaning favqulodda bosqichi tugagan deb aytishga ancha yaqinmiz. Biroq, bu hali oxiri emas», dedi JSST rahbari.

JSST bosh direktori ma’lumotlariga ko‘ra, 21-27 noyabr kunlari Covid-19 kasalligidan dunyo bo‘yicha 8,5 mingdan ortiq odam vafot etgan.

«Pandemiya boshlanganidan uch yil o‘tib, bizda infeksiyalarning oldini olish va odam hayotini saqlab qolish uchun juda ko‘p vositalar mavjud bo‘lgan sharoitda bu maqbul emas», dedi Gebreyyesus.

Shu bilan birga, u so‘nggi besh hafta ichida koronavirusdan o‘limlar soni biroz kamayganini ta’kidladi.

JSST rahbari shuningdek, bugungi kunda «omikron»ning 500 dan ortiq sub-shtammlari mavjudligini aytdi.

«Omikron shtammi paydo bo‘lganidan beri Covid-19 mutatsiyani davom ettirdi. Bugungi kunda 500 dan ortiq omikron subshtamlari aylanmoqda. Ularning barchasi juda yuqumli. Epidemiologik nazorat, test olish va emlashdagi bo‘shliqlar yangi shtammlarning paydo bo‘lishiga ideal sharoit yarataveradi», dedi Gebreyyesus.

Mavzuga oid