Yevropa jurnalistlar federatsiyasi (EFJ), Matbuot va OAV erkinligi bo‘yicha Yevropa markazi (ECPMF), Ommaviy axborot vositalarini himoya qilish markazi, Xalqaro matbuot instituti ((IPI)), Article19 tashkiloti («19-modda») va OBC Transeuropa (OBCT) qo‘shma bayonot chiqardi. Ular Latviya Milliy elektron media kengashining (NEPLP) «Dojd» telekanali efirga chiqish litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan «jiddiy xavotir bildirdi» va regulyatorni sudda ushbu muammo hal etilmaguncha uni bekor qilishni amalga oshirishdan tiyilishga chaqirdi. Tashkilotlarning bayonoti 7 dekabr, chorshanba kuni e’lon qilindi.

«Tashkilotlarimiz Latviyada ushbu muammoning nozikligini tan olsa-da, biz efirga chiqish litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror nomutanosib va   pirovardida teskari bo‘ldi degan fikrdamiz», — deyiladi bayonotda. Shu bilan birga, uning mualliflari urush boshlanganidan keyin Latviya hukumatining «Dojd» va Rossiya boshqa ommaviy axborot vositalari jurnalistlariga vizalar va o‘z faoliyatini davom ettirish imkoniyatini berish haqidagi qarorini olqishladi.

«Latviya Yevropada o‘rnak bo‘ldi hamda erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun tahsinga loyiq», - deya ta’kidlaydi jurnalistlar tashkilotlari.

Bayonotda qayd etilishicha, «Dojd» regulyator tomonidan keltirilgan Latviya efir uzatish qonunchiligining uchta buzilishini bartaraf etish uchun tegishli choralar ko‘rgan. «Dojd» Latviya qonunchiligini hurmat qilishi kerakligini tan olgan huquq himoyachilari muharrirlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan uchta xatoni OAV translatsiya litsenziyasini to‘liq bekor qilish mezonlariga to‘g‘ri kelmaydigan holat, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, murojaat mualliflarining ta’kidlashicha, «Dojd» jurnalistlari Latviya «milliy xavfsizligiga potensial xavf tug‘diradi» degan vajlar «o‘ta jiddiy ayblovlar bo‘lib, ularni efirni nazorat qilish regulyatori emas, balki mustaqil sudlar ko‘rib chiqishi kerak».

«Ushbu qarorning Rossiya urushga qarshi harakati uchun kengroq ta’siri muhim. Muhojirlikdagi eng nufuzli Rossiya teleradiokompaniyasi sifatida «Dojd»ning safarbarlik, Rossiya vahshiyliklari va frontdagi voqelik kabi masalalarni urushga qarshi keskin yoritilishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi, Kreml tashviqotiga muhim muqobilga aylandi», deb ta’kidlaydi murojaat mualliflari. Ular NEPLP'ni litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishdan bosh tortishga chaqirdi.

«Bizning aytadigan gapimiz aniq: mustaqil rus jurnalistikasiga Yevropada xavfsiz boshpana berilishi kerak. «Dojd»ning rusiyzabon auditoriyani mustaqil yangiliklar bilan ta’minlash missiyasi juda muhim va bu muammo hal bo‘lishiga umid qilamiz», - deya xulosa qilgan murojaat mualliflari.