O‘zbekiston | 10:36 / 10.12.2022
2468
2 daqiqa o‘qiladi

Latviya O‘zbekiston mahsulotlari eksportini oshirish loyihalarida ishtirok etadi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Latviya elchisi Reynis Trokshani qabul qildi.

Foto: Dunyo

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Latviya munosabatlari dolzarb masalalari, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish masalalari muhim o‘rin egalladi. Latviya tomoni O‘zbekiston mahsulotlari Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportini oshirishda juda muhim rol o‘ynaydigan standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasidagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.

Joriy yil 6 iyul kuni parafirlash (dastlabki imzolash) marosimi bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tezroq imzolash zarurligi qayd etildi.

Yevropa hamkorlari va O‘zbekistonning davlat tuzilmalarini jalb qilgan holda ma’muriy islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan tadbirlar jadvali, madaniy-gumanitar va ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.

 

Mavzuga oid