12:25 / 12.12.2022
7967

Ukraina: Melitopolda 200 rossiyalik harbiy halok bo‘ldi va yaralandi

Ukrainaning Melitopol meri Ivan Fedorovning aytishicha, rossiyalik askarlar to‘planadigan joylarda portlashlar va yong‘inlar sodir bo‘lgan. Okkupatsion hukumat, o‘z navbatida, tinch aholi yashaydigan dam olish markaziga zarba berilganini da’vo qilmoqda.

Ukraina Zaporijjya viloyatining Rossiya tomonidan egallab olingan Melitopol shahrida sodir bo‘lgan portlash va yong‘inlar natijasida 200 ga yaqin rossiyalik harbiy halok bo‘ldi va yaralandi, deb ma’lum qildi shanba, 10 dekabr kuni Ukraina shahar meri Ivan Fedorov. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inlar shaharning turli hududlaridagi rus qo‘shinlari bazalarida sodir bo‘lgan. Fedorov ularning sabablari haqida aniq gap aytmagan. Uning o‘zi Melitopolda emas va hech qanday manbaga murojaat qilmagan. Merning so‘zlariga ko‘ra, yaralangan rossiyaliklar shunchalik ko‘pki, ularni olib ketish uchun annexia qilingan Qrimdan tez yordam mashinalarini chaqirishga to‘g‘ri kelgan.

Hozircha Ukraina Bosh shtabidan Melitopolga zarbalar haqida hech qanday rasmiy bayonot berilmagan. Ayni paytda, Zaporijjya viloyatining annexia qilingan qismi Rossiya tomonidan tayinlangan «rahbari» Yevgeniy Balitskiy Melitopolga zarba berilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dam olish maskani o‘qqa tutilgan, bu «shanba kuni kechqurun, odamlar, tinch fuqarolar kechki ovqatga chiqqan payti, baza xodimlari ishda bo‘lganida qayd etilgan». Uning xabar berishicha, ikki kishi halok bo‘lgan va o‘n nafari jarohatlangan, dam olish markazi butunlay vayron bo‘lgan. Ukraina ommaviy axborot vositalari ushbu bayonotni sharhlar ekan, Rossiya qo‘mondonligi o‘z harbiylarini joylashtirish uchun ishg‘ol qilingan hududlardagi dam olish markazlari va mehmonxonalardan foydalanadi, deb yozadi.

O‘z navbatida, Zaporijjya viloyati okkupatsion «ma’muriyati» vakili Vladimir Rogov Melitopoldagi «Ovchilar manzilgohi» dam olish bazasi HIMARS raketa tizimlaridan o‘qqa tutilganini aytdi. Ukrainaning ikkita raketasi urib tushirildi, qolganlari nishonga yetdi, deb yozadi RIA Novosti Rogovning bayonotidan iqtibos keltirib.

Melitopol front chizig‘idan bir necha o‘n kilometr uzoqlikda joylashgan.

7 dekabr kuni Melitopolga Rossiya tomonidan tayinlangan «rahbar o‘rinbosari» Nikolay Volikka suiqasd uyushtirilgani ma’lum bo‘ldi. Baza nashri tergov organlariga tayanib, Volik yashaydigan uyning kiraverishidagi fonarga zarba beruvchi elementlar bilan to‘ldirilgan portlovchi moslama o‘rnatilgani haqida xabar berdi. Uydagi portlashdan deraza oynalari to‘qqizinchi qavatgacha sinib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlovchi moddaning kuchi 2,5 kg trotilni tashkil qilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top