Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina asirlikdan 65 harbiy va 4 jasadni qaytardi
Ukraina navbatdagi asirlar almashinuvi chog‘ida Qurolli kuchlarning 64 nafar harbiy xizmatchisi, shuningdek, Ukraina tomonida jang qilgan AQSh fuqarosi Murekezi Suyedini qaytardi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy devonxonasi rahbari Andrey Yermakning xabar berishicha, bundan tashqari to‘rt nafar halok bo‘lgan harbiyning jasadi qaytarilgan.
Yermakning so‘zlariga ko‘ra, ozod etilgan zobitlar, oddiy askar va serjantlar Donetsk va Lugansk yo‘nalishlarida jang qilgan, Baxmut himoyasida qatnashgan.
Bundan oldin, noyabr oyi boshida Rossiya va Ukraina o‘rtasida navbatdagi harbiy asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tgandi.
Almashish natijasida 107 nafar harbiy xizmatchi Rossiyaga qaytarildi, ular davolanish uchun Moskvaga yuborildi.
Ukraina prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak 107 ga 107 formulasiga muvofiq asirlar almashish amalga oshirilgani faktini tasdiqladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga olti nafar ofitser va 101 nafar oddiy askar va serjant, jumladan, Mariupoldagi «Azovstal» zavodining 74 nafar himoyachisi qaytgan.
17 oktyabr kuni esa Ukraina va Rossiya o‘rtasida yangi keng ko‘lamli asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi, natijada 108 nafar ayol Ukrainaga qaytgandi.
Ozod etilgan ayollar orasida Rossiyaning fevral oyi oxiridagi bosqinidan oldinroq «xalq respublikalari» deb ataluvchi hududlarda asirlikka tushgan ayollar ham bor.