Hayotda shunday insonlar borki, qisqa umr kechirganiga qaramasdan o‘z nomini tarix zarvaraqlariga oltin harflarda yozib ketgan. Kanadalik Terri Foks ham ana shunday insonlardan biri edi.

Terri bor-yo‘g‘i 23 yil yashagan va saraton xastaligidan vafot etgan. O‘limidan bir yil avval u o‘z nomida xayriya fondi ochadi. So‘ng fondni ommalashtirish va shu yo‘l bilan saratonga chalingan insonlarga yordam berish uchun juda katta qahramonlik ko‘rsatadi.

Terri Foksning orzulari va saraton xastaligi

To‘liq ism-sharifi Terrens Stenli Foks (Terrance Stanley «Terry» Fox) bo‘lgan Terri 1958 yil 28 iyun kuni Kanadaning Vinnipeg shahrida tug‘iladi. U yoshligida futbol, beysbol, regbi va basketbol kabi sport turlari bilan shug‘ullanadi.

Terri maktabni tugatgach mahalliy basketbol jamoasiga qo‘shilmoqchi bo‘ladi. Ammo murabbiy uning bo‘yi basketbol o‘ynash uchun pastlik qilishini aytib yengil atletika bilan shug‘ullanishini maslahat beradi.

Shundan so‘ng Terri yugurish bilan shug‘ullana boshlaydi va universitetga kirish uchun hujjatlarini topshiradi. Uning maqsadi sport murabbiyi bo‘lish edi. Ammo Terri o‘qishga kirishga ulgurmaydi. Unda saraton kasali aniqlanadi.

Terri Foks ota-onasi bilan

1977 yil, Terri 19 yoshda ekanida kutilmaganda chap oyog‘i tizzasida kuchli og‘riq, so‘ng shish paydo bo‘ladi. Tekshirib ko‘rilganda Terrida saraton kasalligining og‘ir holati aniqlanadi.

Vrachlar Terrini davolashga kech bo‘lganini, oyoqni tizza yuqorisidan kesish lozimligini, aks holda saraton butun tanaga tarqab ketishi mumkinligini aytishadi.

Terrining oyog‘i kesiladi va u bir oyoq bilan qoladi. Biroq, keyingi tekshiruvlarda xavfli o‘simta tananing boshqa qismlarida ham asta-sekinlik bilan rivojlanayotgani ma’lum bo‘ladi.

Vrachlar Terrining yashab ketishini ellikka ellik tarzida baholashadi. Shunda u 1-2 yildan keyin yashab qolish imkoniyati 10-15 foizga tushishini, shu sababli nimadir qilishga ulgurishi kerakligini anglab yetadi.

Operatsiyadan so‘ng Terri kesilgan oyog‘iga yasama oyoq qo‘yadi va asta-sekin yurishni mashq qila boshlaydi.

O‘shanda Terri ketma-ket 16 oy davomida kimyoterapiya oladi. Yasama oyoqqa biroz moslashgach sport bilan ham shug‘ullana boshlaydi. Vrachlar buni sog‘ayish alomati deb hisoblashadi. Ammo aslida unday emasdi. Saraton Terrining tanasi bo‘ylab tarqalayotgan edi.