Prezidentning «Yerosti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab o‘rtacha sathga nisbatan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda quyidagilar taqiqlanadi: yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berish; quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sug‘orish.
Tasdiqlangan davlat dasturlari doirasida chuqurligi 25 metrgacha bo‘lgan quduqlarni burg‘ilash hamda sutkasiga 5 m3 gacha hajmdagi yerosti suvlarini yakka tartibda olish bundan mustasno.
Suv sathi pasaygan hududlarda yerosti suvlariga quduqlarni burg‘ilashga gidrogeologik xulosa va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma Davgeolqo‘m tomonidan beriladi: qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orish maqsadlari uchun – suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish shartlari bilan Suv xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda; ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun – suvdan tejamli foydalanish shartlariga asosan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishilgan holda.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalardan (tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va boshqalar) foydalanilmaganda burg‘i quduqlaridan foydalanish Davgeolqo‘m huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan taqiqlanadi.
O‘rnatilgan tartibga muvofiq, 2023 yil 1 apreldan boshlab:
Davgeolqo‘m tomonidan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga (burg‘ilovchi sub’yektlar) yerosti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish yangi tartibi joriy etiladi;
burg‘ilovchi sub’yektlarga o‘z tasarrufidagi burg‘ilash uskunalarini GPS-trekerlar bilan jihozlash va ularni doimo ishchi holatda saqlash majburiyati yuklatiladi;
qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli texnik hujjatlarga ega bo‘lmagan burg‘ilash uskunalari yordamida yerosti suvlariga quduqlarni burg‘ilash taqiqlanadi va inspeksiya tomonidan bunday holatlar aniqlangan taqdirda, burg‘ilash uskunalarini musodara qilish yuzasidan sudga murojaat etiladi.
Yerosti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma talab va shartlarini bajarmaganlik uning amal qilishini to‘xtatib turishga, gidrogeologik xulosasiz burg‘ilash ishlarini olib borish esa ruxsatnomani bekor qilishga asos bo‘ladi.
















