Mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, mol-mulki musodara etilib, o‘zlari otilgan, quvg‘un-u qatag‘onga duchor etilgan ajdodlarimizning nomini oqlash yo‘lida navbatdagi ish amalga oshirildi.

Bu ishlarning barchasi prezidentning «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishida belgilab berilgan yo‘nalishda olib borilmoqda.

Oliy sudda muayyan sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo‘yicha ishlarni amalga oshirish maqsadida ishchi guruhi tuzilgan. So‘nggi ikki yilda sovet davrida qatag‘on qilingan 235 nafar vatandoshimiz reabilitatsiya qilinib, oqlandi, deyiladi Oliy sud ma’lumotnomasida.

2022 yil 12 dekabr kuni Oliy sudga yana jami 173 nafar shaxsga oid 4 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirilgan.

19 dekabr kuni ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida iltimosnomalar va protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi hamda JPKning 83-moddasiga asosan jami 4 ta jinoyat ishi bo‘yicha 173 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

2022 yil 19 dekabr kuni Oliy sudning hukmi bilan reabilitatsiya qilinib, oqlangan qatag‘on qurbonlari ro‘yxati.

1. Markaziy Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB. Uchlik yig‘inining 1931 yil 12 oktyabrdagi maxsus yig‘ilish qaroriga ko‘ra Surxondaryo viloyatida yashagan 147 nafar shaxs O‘zbekiston SSR JKning (eski tahrirdagi) 63, 66 va 78-moddalari bilan aybdor deb topilib, turli muddatlarga konslagerga surgun qilingan: