«Aniqlanishicha, bosqinchi davlatning harbiy rejalariga bir qator sobiq yuqori martabali amaldorlar hissa qo‘shgan. Ular bosqinchilarning harbiy shaxsiy tarkibi va harbiy texnikasini ko‘paytirish bilan «mashg‘ul bo‘lishdi». Birinchidan, ularning «yordamidan» 2014 yilda Qrim Avtonom Respublikasi va Sevastopol shahrining annexia qilinishi, keyinroq esa 2022 yil fevralida Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli agressiyasi uchun foydalanilgan», — deyiladi DTB bayonotida.
Tergovchilarning fikricha, Viktor Yanukovich keyinchalik «Harkiv kelishuvi» deb nomlangan qonun loyihasini tayyorlagan: sobiq prezident taklifi bilan hujjat Ukraina hukumati tomonidan ma’qullangan, keyinroq esa Oliy Rada tomonidan ratifikatsiya qilingan.
«Harkiv kelishuvi» — Rossiya va Ukraina o‘rtasida 2010 yil 21 aprelda imzolangan shartnoma. Bu Ukraina uchun Rossiya gazining narxini qayta ko‘rib chiqish evaziga Rossiya Qora dengiz flotining Qrimda qolish muddatini dastlab kutilgan 2017 yildan 2042 yilgacha uzaytirish imkonini berdi. Rossiya nomidan uni o‘sha paytda mamlakat prezidenti lavozimini egallab turgan Dmitriy Medvedev imzoladi. Rossiya 2014 yil aprelida Qrimni annexia qilib, shartnomani bir tomonlama bekor etdi.
Yanukovich va Azarov nimada ayblanmoqda?
DTB xabariga ko‘ra, Yanukovich tomonidan imzolangan kelishuv Ukraina manfaatlariga zid bo‘lgan va hududiy yaxlitligiga raxna solgan.
«Harkiv kelishuvi» tajovuzkorga 2014 yilda yarimorolni egallash uchun yetarli resurslarga ega bo‘lish va 2022 yil fevralida Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirish imkonini berdi. Vaholanki, Rossiya 1997 yildayoq yarimoroldagi harbiy flotini kamaytirishi lozim edi», deyiladi tergov idorasi bayonotida.
DTB fikriga ko‘ra, Ukrainaning sobiq prezidenti va bosh vazirining harakatlari tufayli Rossiya armiyasi shaxsiy tarkibi va ularning harbiy texnikasi kelishuvlarda belgilangan miqdordan oshib ketgan. Xususan, Sevastopolda 2013 yil oxiri - 2014 yil boshida kamida 2,9 ming dengiz piyodasi, 152 ta zirhli jangovar mashina, 100 mm va undan yuqori kalibrli 30 ta artilleriya tizimi bor edi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi mavjud uskunalarni yashirincha modernizatsiya qilgan, bunga Ukraina rasmiylari e’tibor bermagan.
Bularning barchasi Qrim hududini Rossiya tomonidan bosib olinishiga va bosib olingan hududlarda Rossiya Qurolli Kuchlarining yangi qismlarini shakllantirishga yordam bergan, o‘z navbatida bundan Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirish uchun foydalanilgan.













