Jahon | 13:15 / 22.12.2022
9882
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bilan birdamlik: dunyodagi mashhur joylarda chiroqlar o‘chirildi

Kampaniya 10 million dollar yig‘ishni maqsad qilgan. Bu pul Ukraina kasalxonalari uchun 1000 generator sotib olishni nazarda tutadi.

Foto: Reuters

21 dekabr, chorshanba kuni dunyoning ko‘plab shaharlarida «An Hour For Ukraine» («Ukraina uchun soat») aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Ukraina bilan birdamlik belgisi sifatida dunyoning 60 dan ortiq mashhur joylarida bir soat davomida chiroqlar o‘chirildi. Ular orasida Rim Kolizeyi va Sidney opera teatri, Bryusseldagi Yevropa parlamenti va Edinburgdagi Shotlandiya parlamenti binosi, Parij va Porto shahar hokimiyatlari, Rokfeller markazi yaqinidagi Nyu-York archasi va Trafalgardagi Londonning asosiy Rojdestvo archasi bor. Shuningdek, Praga, Riga, Sofiya shaharlari, mashhur Toronto teleminorasi ham aksiyaga qo‘shildi.

Aksiyada ishtirok etishni istagan barcha britaniyaliklardan uylari va xonadonlaridagi chiroqlarni bir soatga o‘chirish so‘ralgan. London meri Sodiq Xonning aytishicha, aksiyaga qo‘shilish orqali Buyuk Britaniya poytaxti dunyoning boshqa shaharlari qatori urushda «Ukraina bilan birdamlik bildirmoqchi».

«Yevropa Ittifoqi kengashi binosidagi chiroqlar o‘chdi, yorug‘likni ulashing va elektr ta’minotidagi uzilishlarga duch kelgan ukrainaliklar bilan birdamlik ko‘rsating», deb yozdi Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel Twitter'da.

Kampaniya Ukrainadagi milliy mablag‘ yig‘ish platformasi bo‘lgan United24 orqali 10 million dollar yig‘ishni maqsad qilgan. Bu pul kasalxonalar uchun 1000 generator sotib olishga sarflanadi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik shifokorlar so‘nggi paytlarda Rossiya tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida mamlakat energetika tuzilmasiga zarar yetkazilgani uchun fonarchalar ostida murakkab operatsiyalarni bajarishga majbur bo‘lgan.

United24 platformasi 2022 yil 2 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan Bratislavada bo‘lib o‘tgan GLOBSEC xalqaro xavfsizlik forumida ishga tushirilgan. Ushbu platforma uchta yo‘nalishda xayriya to‘playdi: mudofaa va minalardan tozalash, gumanitar va tibbiy yordam va Ukrainani qayta tiklash uchun.

Mavzuga oid