Bir yigitga qirq hunar oz, deyishgani bejiz emas. Hayot insonni ne sinovlarga yo‘llamaydi! Erkak kishining zimmasida ro‘zg‘or deb atalmish xurjun turadi. Uni to‘ldirishdan esa g‘orni to‘ldirish osonroq.

Chorsu bozorida kosiblik qiladigan Rustam aka ham qirq hunarning boshini tutganlardan. Mardikor bozorga chiqishdan boshlangan talabalik hayoti nonvoylik, kosiblik, jurnalistlik faoliyati bilan bog‘lanib ketdi.

— O‘zim asli Qashqadaryodanman. Oilada yetti farzand edik. Yoshligimda juda sho‘x bo‘lganman. Menga oyoq kiyim chidamasdi, bir deganda yirtib kelardim. Sakkiz-to‘qqiz yoshlar edim. O‘g‘il bola emasmanmi, shart o‘zim tikib oldim.

Ustaga shogird tushmaganman. Qo‘limga bigiz olib o‘zim tikib ketganman. Shu bo‘ldi-yu, kosiblik ham men uchun bir hunarga aylandi. Ulg‘aygach, qaydasan Toshkent, deb yo‘lga tushdim. Talaba bo‘lganimdan so‘ng ham uydagilarimga og‘irligim tushmasligi payida bo‘lardim.

Bir kun kursdoshlarim bilan mardikor bozorga chiqadigan bo‘ldik. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, yigit kishining chiqimi ko‘p bo‘ladi. O‘rni kelganda qizlarga «jyentelmenlik» qilgisi kelib qoladi.

Shunda, bir kishi kelib kim non yopoladi, deb so‘radi. Bilsak, nonvoy ekan. Nonlarini yoptirgani odam izlab kelibdi. Men qishloqda non yopib ko‘rganman. Lekin sotishga non yopmaganman, o‘rgatsangiz o‘rganib olaman, dedim. Shunday qilib novvoy meni o‘zi bilan olib ketdi.

Qishloqda o‘sgan yigit emasmanmi, bir deganda o‘rganib oldim. Ishim ma’qul bo‘ldi shekilli, novvoy meni uyida olib qoldi. O‘sha oila bilan to‘rt yil birga yashadim. Avvaliga novvoy uchun non yopdim. Yaxshi o‘rganib olgach o‘zim mustaqil bo‘lib non yopa boshladim.

Novvoy 100 so‘mga bir qop un olsa, men unga 150 so‘m berardim. Qilgan foydam o‘zimga qoladi. Ertalab turib non yopib, olti-olti yarimga tayyor qilardim. Sakkizga sotib tugatib o‘qishga yetib borardim.

Ikkinchi kursdan gazetaga ishga kirgan edim. Ish vaqtim bo‘lguncha darslarga qatnashardim-da, men amaliyotga ketdim, deb domladan javob so‘rab ishga kelardim. Ishxonada tez-tez vazifalarimni tugatib, kechki payt bozorga yo‘l olib kosiblik qilardim.

Tunda uyga qaytgach, ertangi kun uchun xamir qorardim. Shu zaylda o‘zimdan orttirib, uyga ham pul jo‘natardim. Hammasiga ulgurardim.

Shunday kunlarning birida bozorda bir qizni ko‘rib qoldim. 18–19 yoshli, shijoati ichiga sig‘maydigan, hech narsadan qaytmaydigan yigit edim. Ko‘rdim-u, shu qizga uylanaman, degan o‘y kechdi xayolimdan. Odam hayotini birga quradigan insonini ko‘rganda o‘zi his qilarkan. U qiz tojikistonlik bo‘lib, Toshkentga bozor aylangani kelgan ekan.