«Bosh shtab boshlig‘iga! Sen *****san va chert *******san. Bizda snaryadlar yo‘q, u yerda yigitlar biz uchun jon beryapti, biz esa bu yerda o‘tiribmiz, ularga yordam bera olmayapmiz», deya videomurojaat yo‘llagan ikki yuzi yopilgan, kamuflyaj libosidagi «Vagner» jangchilari. 

Ular hayajon bilan snaryadlar yo‘qligidan noligan va yana Bosh shtab rahbariga yuzlangan.

«Biz bu yerda, Baxmut ostonasida butun Ukraina armiyasiga qarshi kurashyapmiz, sen qayerdasan? Bizga yordam ber, axir. Seni faqat bir so‘z bilan atash mumkin — *****. Bizning yigitlar o‘layotgan payt sizlar hammangiz qayerdasizlar?» deya qo‘shimcha qilgan yollanma jangchilar.

26 dekabr kuni «Vagner» kompaniyasi bilan bog‘liq Telegram-kanallarda Rossiya Bosh shtab boshlig‘i, armiya generali Valeriy Gerasimovga yo‘llangan ushbu murojaat tarqala boshladi.

So‘nggi oylarda yollanma qo‘shinlar rahbarlari va Rossiya harbiy qo‘mondonligi o‘rtasidagi bunday nizolar odatiy holga aylandi, ammo hozirgacha vagnerchilar general Gerasimovga qarshi bunday keskin gapirishga jur’at qila olmagandi.

Shu sabab bu video tarqalishi bilan ko‘plab harbiy-vatanparvarlik kanallari videoni «ukrain millatchilari» provokatsiyasi yoki «Ukraina axborot va psixologik operatsiyalar markazi ishi» deb atadi.

Ukraina axborot va psixologik operatsiyalar markazi telegramdagi rus vatanparvar-propaganda segmentida Rossiya armiyasi muvaffaqiyatsizliklari bilan bog‘liq barcha holatlarni uyushtiruvchi kuchlar sifatida ko‘rsatiladi.

«Vagner» asoschisi, peterburglik tadbirkor Yevgeniy Prigojin ushbu videomurojaat haqiqiyligini tasdiqlashga shoshilmadi.

«Men vaziyatni yaxshi bilaman va bu ma’lumotni OAV uchun izohlashning hojati yo‘q deb hisoblayman», — deya Prigojinning so‘zlarini yetkazdi uning matbuot kotibi.

Ammo 26 dekabr kuni kechqurun Prigojin videoni yozib olish ortida «Ukraina millatchilari» turgani haqidagi versiyani rad etdi va u bilan bog‘liq kanallarda quyidagi ovozli xabar e’lon qilindi: «Sizning savolingizga javob berish uchun men shaxsan yigitlar yoniga bordim. Siz hozir ukrainalik millatchilardan birortasini ko‘rdingizmi? Men ham ko‘rmadim. Bizning va ularning asosiy vazifasi Baxmutni qo‘lga kiritish. Menimcha Baxmutni egallashimizga yaqin qoldi. Afsuski, har qadamda paydo bo‘ladigan muammolarga kelsak, umid qilamanki, biz ularni hal qilamiz. Va hal qilishga majbur qilamiz. O‘sha shov-shuvli videoda ukrainalik millatchilar yo‘q».