29 dekabr kuni prezident Xalqaro kongress markaziga bordi. U yerda boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi avlod darsliklari taqdimoti bilan tanishib, bir guruh pedagoglar bilan uchrashdi. Tadbir davomida davlat rahbari ta’lim sohasidagi muammolarni eslatib, bu borada 2023 yilda ko‘plab qaror, farmonlar chiqishini, qilinadigan ishlar ko‘pligini ma’lum qildi. Kun.uz uchrashuvda tilga olingan eng muhim yangiliklarni bir videoga jamladi.
Dastlab tadbirda so‘nggi 5 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida gapirildi, yangi darsliklar 1 yanvardan tajriba-sinov tarzida maktablarga joriy etilishi ma’lum qilindi.
“Agar so‘nggi 5 yilligimizni, birgalikda ishlaganimizni inobatga olsak, biz mingta maktab qurdik, bundan oldingi davrda buning 30 foizini ham qilmagan edik. Agar bitta raqamda aytsak, 2022 yilda mana shu masalalarga 14 trlnga yaqin pul berdik. Yaqin 5 yil ichida yana 1 mln 200 mingta o‘rin tashkil qilamiz. Bu ham o‘zidan o‘zi bo‘lmaydi. Maktablarni quraveramiz, lekin uning ichidagi muallimlarni ham tayyorlash kerak.
2023 yil 1 yanvardan boshlab respublikaning 14 ta hududidagi maktablarda yangi darsliklarni joriy etish bo‘yicha eksperiment boshlanyapti, 1 sentabrdan esa 10 mingtasida boshlanadi. Sizlarga bu narsalar ma’qul kelyapti, to‘g‘rimi? Albatta, bu – birinchi qadamlarimiz. Bularni borgan sari sizlar ham takomillashtirasizlar, bizning ham kengashlar o‘tirib, takomillashtiradi”, – dedi prezident.
Uning aytishicha, yaqinda 14 ta hududga tajriba tarzida joriy etilayotgan darsliklardan keyingi bosqichlarda 5–11 sinflar uchun ham ishlab chiqiladi. Shuningdek, prezident o‘qituvchilarning obro‘sini ko‘tarish kerakligi haqida ham gapirib o‘tdi.
“Hozir farzandlarimiz o‘zlari talab qilishyapti: “Bizga kechagi ta’lim emas, sifatli ta’lim kerak”, – deyapti. 590 ming nafar muallim va murabbiylarga murojaat qilmoqchiman, faqat sizlar… Eng qimmat va eng katta boyligimiz – farzandlarimizni ustozlarga topshiramiz. Agar har birimiz o‘zimiz, farzandlarimiz, nevaralarimizning ertangi kunini qoldiramiz desak, faqat va faqat muallimning obro‘sini ko‘tarishimiz, faqat va faqat ularning sharoitini yaratishimiz kerak. Ko‘p millatli O‘zbekistonning har bir farzandlarini mening farzandim, ertangi kunimning poydevori, zamini – deb tarbiya qilsak, albatta, biz natijaga erishamiz”, –








