Poytaxt ko‘chalarini bir necha daqiqa kezsangiz, bu ham arzirligina muammo ekaniga amin bo‘lasiz. Misol uchun, vohadan Toshkentga yaqinlashaverganingiz sari M-39 magistral yo‘lida ushbu suratdagidek yashil, oq rangdagi “Yo‘nalishlarning dastlabki ko‘rsatkichi” belgisini tez-tez uchratasiz.

Shaharga kirayotganingizda ham hammasi risoladagidek ko‘rinadi. Navigator shart emas. Hozircha.

Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab 3 km kirib kelguningizcha hammasi joyidadek. “Olmazor” metro bekati, Sirg‘ali tumaniga olib chiquvchi yana bir asosiy yo‘l haqidagi kerakli ma’lumolar bo‘lmasa ham, hartugul Markaz va Algoritm dahasiga yo‘nalishlar bor.


Shu bilan Toshkent o‘z holicha sizning intuitsiya va taxminlaringizga tashlab qo‘yiladi.
2 km yursangiz, “Chilonzor” metro bekatiga yetasiz. Bu manzilni o‘zingiz bilmasangiz, telefoningiz bildirmasa, ulovingizdagi sheriklaringiz eslatmasa, bilib bo‘psiz. Mayli, bu shunchaki bir metro bekati bo‘lishi mumkin. Lekin hatto poytaxtning 2-yirik temiryo‘l vokzali – Janubiy vokzal, shaharning 2-asosiy belbog‘i – Kichik halqa yo‘liga yo‘naltiruvchi belgilar yo‘qligini nima deb izohlash mumkin? Axir halqa yo‘li bilan Toshkentning istalgan nuqtasiga oson borish mumkin. Temiryo‘l vokzali esa yurtdoshlarimiz respublika shaharlariga yo‘l oladigan asosiy transport obektlaridan biri.


Keyingi asosiy ko‘prik. Sirg‘ali tumaniga o‘tkazuvchi yangi qurilgan ko‘prikka olib boradigan eng yaqin yo‘l yoki Kichik halqa yo‘liga olib chiquvchi yana bir yo‘nalish bo‘lishiga qaramasdan, yo‘l o‘tkazgichning atrofida bu haqda hech bir ma’lumotga ko‘zingiz tushmaydi.






















