“Prezidentning Uchtepaga tashrifida uyalib qoldik” – Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullarni yaxmalaklarni tozalashga chaqirdi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi kommunal soha mas’ullarini ko‘p qavatli uylar kirish yo‘laklarini yaxmalakdan tozalash, qumli va tuzli aralashmalarni vaqtida sepishga chaqirdi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi kommunal soha mas’ullari, boshqaruv organlari boshqaruv kompaniya rahbarlari, shirkatlar rahbarlari, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari barcha mas’ullariga murojaat bilan chiqdi.
“Barchangizga talabimiz va topshirig‘imiz bo‘ladi: 40 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarda 5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Havoning keskin pasayishi va qor yog‘ishini e’tiborga olib, har bitta kirish yo‘laklari eshigining yopilishiga, tuzli, qumli aralashmalar vaqtida sepilishiga va tozalashga qattiq e’tibor berishimiz, barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Prezidentimizning Uchtepa tumaniga tashrifida uyalib qoldik, kirish yo‘laklarining tozalanmagani, yaxmalak bo‘lib yotganidan bizga qattiq e’tiroz bo‘ldi. Bunday noxush holatlar bo‘lmasligi uchun havo haroratining keskin pasayishida biz kommunal soha mas’ullari mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak”, – dedi vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva.
U mas’ullarni aholidan tushayotgan dispetcherlik avariya holatlariga tezkorlik bilan chora ko‘rishga chaqirdi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari barcha ishchilarni issiq choy, ovqat, issiq oyoq-kiyim bilan ta’minlash kerakligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq, Energetika vazirligi anomal sovuq davrida energiyani tejashga chaqirib, murojaat bilan chiqqandi.
Energetika vazirligi 10-15 yanvar kunlari davomida kuzatiladigan sovuqda ko‘riladigan choralar haqida ma’lumot berdi. Gaz shoxobchalariga cheklovlar saqlanib qolinishi va yirik gaz iste’molchilarining iste’moli kamaytirilishi aytildi.