2023 yilning 7 yanvarida, to‘rt kun davom etgan 15 raundlik ovoz berishdan so‘ng, Vakillar palatasi spikeri lavozimiga respublikachilar fraksiyasi rahbari Kevin Makkarti saylandi. Ushbu kechikishga asosiy sabab — uzoq vaqt davomida Makkartiga qarshi ovoz berib kelgan konservativ qanotdagi o‘zining partiyadoshlari edi. Ularning qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun Makkarti bir qator yon berishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi. Bu qanday yon berishlar edi, Kevin Makkarti aslida kim va uning saylanishidagi intriga Ukrainadagi urushga qanday ta’sir qiladi?

2022 yil 8 noyabrda AQSh Kongressiga oraliq saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovning asosiy intrigasi Respublikachilar partiyasining mutlaq g‘alabasi, ularning har ikki palatada yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozonishi bashorati edi. Biroq, natija ancha kamtarroq bo‘ldi: respublikachilar Vakillar palatasida 222 o‘ringa ega bo‘ldi, demokratlar Senatda nafaqat nazoratini saqlab qoldi, balki qo‘shimcha bitta o‘ringa ham ega bo‘ldi.

Natijalar unchalik ta’sirchan bo‘lmaganiga qaramay, respublikachilar yanvar oyida ish boshlaydigan yangi Kongressning quyi palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Ammo saylovoldi dasturini amalga oshirishni boshlash uchun ular Vakillar palatasi spikerini saylashi kerak edi. Bu lavozim AQShda prezident va vitse-prezidentdan (u bir vaqtning o‘zida Senatni ham boshqaradi) keyin uchinchi eng muhim siyosiy lavozim hisoblanadi. Ushbu mansabga asosiy da’vogar kaliforniyalik kongressmen, 2014 yildan buyon respublikachilar fraksiyasi rahbari bo‘lib kelayotgan Kevin Makkarti edi.

Yosh mergan

Kevin Makkartining siyosiy karerasi 1980-yillarda, respublikachi kongressmen Bill Tomasning yordamchisi, so‘ngra uning okrug ofisi direktori bo‘lganida boshlangan. Bill Tomas Makkarti hozir vakili hisoblangan okrugdan saylovlarda qatnashgan. 2002 yilda Tomasning qo‘llovi bilan Makkarti Kaliforniya shtati qonun chiqaruvchi organi deputatligiga saylanadi va bir yildan so‘ng undagi respublikachilar fraksiyasi rahbari bo‘ladi. 2006 yil Bill Tomas nafaqaga chiqqanida, Makkarti mamnuniyat bilan ustozining o‘rnini egallaydi va saylovda osongina g‘alaba qozonadi. To‘g‘ri, hozir Tomas o‘quvchisidan norozi kayfiyatda, u Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagani uchun shogirdini ikkiyuzlamachi deb atagan.

Kongressga kirgan Makkarti juda tez «ko‘tarila» boshlaydi. Kongressdagi ikkinchi muddatidayoq u partiya «qamchisi»ning (partiya qamchisi — majoritar davlatlarda partiya a’zolarining partiya umumiy yo‘nalishiga muvofiq ovoz berishini nazorat qiluvchi shaxs) o‘rinbosari etib saylanadi. 2010 yilda respublikachilar Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgach, avvalgi «qamchi» Erik Kantor fraksiya yetakchisi lavozimiga ko‘tariladi va uning joyini Makkarti egallaydi.