14 yanvar kuni Ukraina navbatdagi raketa zarbalariga duchor bo‘ldi. Dniproda raketa to‘qqiz qavatli uy binosiga kelib urildi. Binoning ikkinchi va uchinchi korpuslari orasida ikkinchi qavatdan to‘qqizinchi qavatgacha qulab tushgan. Dnipro meri Boris Filatov o‘qqa tutish oqibatida shahar rayonlari elektr ta’minotidan uzilgani haqida xabar bergan.

Zarba dam olish kuni, odamlarning uyda vaqtda berilgan.

Zelenskiy ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenkoga ko‘ra, rossiyaliklar raketasi 72 kvartira joylashgan butun bir pod’yezdni vayron qilgan - propiska bo‘yicha ma’lumotlarga ko‘ra, bu uylarda jami 200 nafarga yaqin kishi yashagan, ularning 50 nafarga yaqini bolalar edi. 16 pod’yezddan iborat uyda jami 1 700 ga yaqin kishi istiqomat qilgan.

«Dnipro shahrida turar joy binosi vayron qilindi. Rossiyaliklar raketasi qulashi oqibatida ikkinchidan to‘qqizinchigacha bo‘lgan qavatlar qulab tushgan. O‘nlab yaralangan kishilarni qutqarishga muvaffaq bo‘lindi. Ularga yordam ko‘rsatilmoqda. Ular orasida bolalar bor, eng kichigi uch yoshli qizcha. Va bular dastlabki ma’lumotlar. Afsuski, soat sayin qurbonlar soni oshmoqda... Qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman», deyiladi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tungi murojaatida.

14 yanvar kuni kechqurun Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Valentin Reznichenko besh kishi halok bo‘lib, qariyb 60 kishi yaralangani (jumladan 12 bola, ulardan eng kichigi uch yoshda) haqida ma’lumot berdi. Mahalliy 11-kanal xarobalarni tozalashda qutqaruvchilarga yuzlab shaharliklar yordam berayotganini xabar qilgan.

15 yanvar tongda berilgan ma’lumotga ko‘ra, Dniprdagi uyga raketa kelib urilishi oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 21 nafarga yetgan, yana 73 kishi jarohatlangan, shundan 14 nafari bolalar. Oblast rahbari Valentin Reznichenkoning aytishicha, yana 37 kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Qutqaruv amaliyoti davom ettirilmoqda.

Dniproda qurbonlar xotirasiga uch kun motam e’lon qilindi.

STR/EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Dniproga yo‘llangan zarbalarga «Dunyo bu yovuzlikni to‘xtatishi kerak» deya munosabat bildirdi. «Dniproda xarobalarni tozalash davom ettirilmoqda. Barcha xizmatlar ishlamoqda. Har bir odam uchun, har bir hayot uchun kurashyapmiz. Bu terrorga aloqador bo‘lganlarning barchasi topiladi. Barchasi javobgarlikka tortiladi. Maksimal darajada», — deya yozgan ukrainlar prezidenti o‘z telegram-kanalida. U shuningdek «Rossiya terrorini to‘xtatish» uchun Ukrainaga ko‘proq qurol berishga chaqirgan.