O‘zbekiston | 11:55 / 17.01.2023
5446
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda «Tez yordam»ga eng ko‘p murojaatlar kelib tushgan hududlar ma’lum qilindi

2022 yil «Tez yordam»ga qancha chaqiriq kelib tushdi?

Foto: Kun.uz

Sog‘liqni saqlash vazirligi «Tez yordam»ga murojaatlar bo‘yicha 2022 yilgi statistikani keltirdi.

«Baxtsiz hodisalar kutilmaganda ro‘y beradi. Bunday og‘ir vaziyatda bemorlar hayotini saqlab qolishda har daqiqa va soniyaning qadri oltinga teng. Bunday holatda, avvalo, «Tez yordam» xodimlari kishi joniga ora kiradi. Aynan ushbu soha fidoyilarining beminnat ko‘magi bilan kasallik xuruji yoki og‘ir jarohat asoratlaridan tezda xalos bo‘lamiz.

Bugun yurtimizda shakllangan tez tibbiy yordam xizmati aholiga sifatli va zamon talablariga mos xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda. Sohadagi o‘zgarishlar mazkur tizimni xalqqa yanada yaqinlashtirmoqda. Buni murojaatlar sonidan ham bilish mumkin», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Respublika tez tibbiy yordam markazi bosh direktori Abduvoitjon Gafurovning ma’lum qilishicha, o‘tgan yil mamlakatimiz bo‘yicha «Tez yordam»ga jami 13 million 22 ming 162 ta chaqiriq kelib tushdi.

«Natijada har 1 000 nafar aholiga o‘rtacha 366 ta murojaat to‘g‘ri keldi. Shundan 1 million 180 ming 416 nafar bemor shifoxonalarga gospitalizatsiya qilindi», deydi u.

Eng ko‘p murojaatlar:

  • Farg‘ona viloyatida 1 520 448 ta (11,67 foiz), 
  • Andijon viloyatida 1 415 023 ta (10,87 foiz), 
  • Toshkent shahrida 1 280 242 ta (9,83 foiz), 
  • Toshkent viloyatida 1 262 187 ta (9,69 foiz),
  • Namangan viloyatida 1 227 318 ta (9,42 foiz) qayd etilgan.

Taqqoslash uchun, 2021 yil aholidan tez tibbiy yordam xizmatiga jami 12 million 590 ming 250 ta chaqiriq kelib tushgan edi.

Mavzuga oid