Rossiyaning 13 yanvar kuni Ukraina sharqidagi Soledar shahrini egallagani haqidagi bayonoti Moskvaning harbiy amaliyotlarida tobora kuchayib borayotgan ziddiyatlarni oshkor qildi. Aynan shu g‘alaba xabaridan so‘ng rus harbiylari va bir guruh xususiy yollanma askarlar ushbu muvaffaqiyat sababchisi kim ekanligi bo‘yicha ochidan ochiq tortishuvga kirishdi.

Rossiya mudofaa vazirligi o‘z bayonotida o‘z kuchlari Soledar shahri ustidan nazoratni qo‘lga olgani, bu Rossiyaning so‘nggi bir necha oy ichida erishgan eng katta jangovar muvaffaqiyati bo‘lishi mumkinligini aytgan. Biroq bayonotda janglarda qatnashgan, Kreml bilan bog‘liq bo‘lgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining g‘alabadagi o‘rni haqida umuman tilga olmagan.

Bu bayonotdan ko‘p o‘tmay, «Vagner»ning katta qo‘mondoni Andrey Troshev RF mudofaa vazirligini «birovning yutuqlarini o‘g‘irlash»da aybladi. 14 yanvar kuni «Vagner» Soledar uning jangchilari tomonidan qulatilgani, Rossiya armiyasi bu amaliyotda ishtirok etmagani, faqat Kremlgina bu da’voga qarshi chiqishini qat’iy ta’kidladi.

Bir necha oydan beri davom etayotgan shiddatli janglar va og‘ir talafotlardan so‘ng, hozirda Soledarni aslida kim nazorat qilayotgani noma’lumligicha qolmoqda. Ukraina harbiylarining aytishicha, ularning qo‘shinlari shaharning bir qismini hamon o‘z nazoratida saqlab turibdi, biroq Rossiya ushbu hududga katta miqdordagi kuchlarni tashlagan va vaziyat o‘zgaruvchan.

Soledarni egallash Rossiya uchun, bir necha oylardan beri janglar davom etayotgan Baxmut shahri atrofida yangi artilleriya pozitsiyalarini yaratadi. Ammo tahlilchilar fikriga ko‘ra, Soledarning o‘zi unchalik muhim strategik ahamiyatga ega emas va uning bosib olinishi Ukraina sharqi uchun kurashni jiddiy o‘zgartirishi dargumon.

Vashingtonda joylashgan Urushlarni o‘rganish instituti 12 yanvar kuni geografik kadrlarga asoslanib, rus qo‘shinlari Soledar shahrining katta qismini nazorat qilayotganini tasdiqladi. Shuningdek, shaharning qo‘lga kiritilishi «eng yaxshi holatda ham ruslarning katta xarajatlar evaziga erishgan pirrik (mag‘lubiyatga teng g‘alaba) taktik g‘alabasi» bo‘lishi qo‘shimcha qilindi.