18-19 yanvar kunlari Toshkent shahri bo‘ylab ko‘chalar qor va muzdan ommaviy tozalandi. Ko‘chalardan yig‘ib olingan qor va muz qoldiqlari nafaqat poligonlar, balki Bo‘rijar kanaliga ham olib kelib to‘kildi.

Jamoatchilik muzni eritish uchun ko‘chalarga sepilgan tuz va qum aralashmasi zaharli bo‘lib, suvdagi jonivorlar va kanal bo‘yidagi o‘simliklar dunyosiga zarar yetkazishidan xavotir bildirdi.

Ko‘chalardan yig‘ilgan qor va muz yuk mashinalarda Bo‘rijar kanalining Chilonzor tumani Novza ko‘chasidan o‘tgan qismiga – yo‘l yuziga to‘kib ketildi.

Kun.uz bilan suhbatda yuk mashinalarda qor va muzni kanal bo‘yiga to‘kib ketayotgan haydovchilar ham, og‘ir texnikalar yordamida yig‘ilgan qor uyumlarini suvga oqizib yuborayotgan ishchilar ham aynan kim bu topshiriqni berganini ochiqlashmadi.

“Boshqalar ham qorni shu yerga olib kelib to‘kishayotgandi, shuni ko‘rganimiz uchun biz ham shu yerga olib kelib to‘kdik. Hech kim bizga olib borib o‘sha yerga to‘k degani yo‘q. O‘tgan kuni kechqurun ham yuk mashinalarida olib kelib to‘kishayotgan edi, bugun hech kim bo‘lmaganini ko‘rib biz ham shu yerga olib kelgandik”, deydi haydovchilardan biri.

“Hashardamiz, mashinamdagi qor va muzni Senatning oldidan tozalab olib kelyapmiz. Bugun birinchi marta shu yerga olib kelib to‘kyapman”, deydi boshqa bir haydovchi.

Mirobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘ofurxo‘ja Jonxo‘jayev Kun.uz'ga bergan intervyusida ko‘chalarni tozalash natijasida to‘plangan, muzlagan tuzli qorlar O‘rtasaroydagi chiqindixonaga olib borib tashlanishi kerakligini ta’kidlagandi. Demak, kimlardir uzoq masofadagi chiqindixonaga borgisi kelmaganidan yoki yoqilg‘ini tejamoqchi bo‘lganidan mana shu “innovatsion” yechimni o‘ylab topgan ko‘rinadi. Balki haydovchilar ishdan ayrilishdan qo‘rqib, topshiriqni kim berganini aytishni istashmagandir, bu yog‘i bizga qorong‘i.