O‘zbekiston | 08:59 / 24.01.2023
6618
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raisligini yakunlamoqda

Bugun Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

O‘zbekiston 1992 yil 28 noyabr kuni IHTga a’zo bo‘lgan. Mamlakat mazkur xalqaro tuzilma doirasidagi sheriklar bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, xorijiy sheriklar bilan sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, ulardan samarali foydalanish va yangilarini yaratish O‘zbekiston va xorijiy sheriklar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridandir.

Mintaqaviy davlatlararo tashkilotga hisoblanadigan IHT 1985 yilda Tehron (Eron) shahrida asos solingan. Birlashgan millatlar tashkiloti va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. Tashkilotning maqsadi savdo va transport kommunikatsiyalari sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Bugungi kunda IHTga o‘nta davlat – Ozarboyjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo bo‘lib kirgan.

2022 yilda O‘zbekiston ilk bor mazkur xalqaro tuzilmaga raislik qildi. Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobodda (Turkmaniston) bo‘lib o‘tgan IHT 15-sammitida so‘zga chiqib, mazkur tuzilmaga raislikni qabul qilib olgan holda hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘tardi hamda a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va hayotga tatbiq etilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Joriy yil 24 yanvar kuni Toshkent shahrida IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi 26-majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning tashkilotdagi raisligi yakunlari sarhisob qilinadi, yaqin va o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan reja va vazifalar muhokama qilinadi.

Mavzuga oid