20 yanvar kuni AQShning Germaniyadagi Ramshteyn aviabazasida NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish masalasi bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kiyevning Rossiyaga qarshi urushdagi eng yirik donorlari yangi yordam paketlarini (AQShdan 2,5 milliard dollarlik, Germaniyadan esa bir milliard yevrolik qurol-yarog‘) e’lon qilgan bo‘lsa-da, tomonlar ramziy ahamiyat kasb eta boshlagan asosiy masala bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Bu Germaniyaning Leopard-2 tanklarini Ukrainaga yetkazib berish masalasi.

Germaniya hukumati hali ham na o‘z tanklarini yuborish, na boshqa davlatlarning Leopard’larni yuborishiga ruxsat berish bo‘yicha qaror qabul qilgani yo‘q. Ramshteyndagi yig‘ilishdan so‘ng Germaniya mudofaa vazirligining yangi rahbari Boris Pistorius Germaniya bu qarorga to‘sqinlik qilayotgan yagona mamlakat degan taxminni noto‘g‘ri deb atadi va hamkorlar ham bu borada hali umumiy fikrga ega emasligini ma’lum qildi.

Matbuotda, agar AQSh o‘zining Abrams rusumli tanklarini Ukrainaga topshirsa, Germaniya ham Leopard’larni yetkazib berishni tasdiqlashi haqida mish-mishlar faol ravishda tarqalgan. Ammo Germaniya hukumati vakillari buni rad etmoqda. Garchi ba’zi amerikalik siyosatchilar hech bo‘lmasa bitta Abrams tankini Ukrainaga yuborish AQSh tashabbusini kutayotgan Berlinning qo‘lini yechib yuborishini ochiqcha aytayotgan bo‘lsa-da, Pentagon o‘z yordam paketiga tanklarni kiritmadi.

Germaniya rasmiylari, agar uchinchi davlatlar Kiyevga Leopard-2 tanklarini yetkazib berishga qaror qilsa, ularning qaroriga aralashmasligi haqida aniq tushuncha berdi. Bularning barchasi Yevropa Ukrainani Germaniya va uning tanklarisiz «kichik koalitsiya» bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi haqidagi bayonotlari fonida ro‘y berdi.

AQShning eng yirik nashrlari bo‘lmish The Wall Street Journal va The New York Times Germaniya hozirda qanday vaziyatga tushib qolgani haqida maqola yozdi.

WSJ: «Rossiya energiya urushida mag‘lub bo‘lmoqda. ‘General Qish’ dezertirlik qildi»

Leopard-2’ni Ukrainaga yetkazib berishning qanchalik maqsadga muvofiqligi harbiy ekspertlar o‘rtasida savollar tug‘dirmoqda, biroq bu tanklar Yevropa Rossiya bilan urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qanchalik jiddiy tayyor ekanligining siyosiy ramziga aylandi.

Yevropalik hamkorlar Germaniyaning Kiyevni qurollantirish borasidagi ehtiyotkorona yondashuvidan g‘azabda, bu ham ichki siyosatni, ham mojaroning yadro qurolini qo‘llashgacha borishidan xavotirni aks ettiradi. Ittifoqchilar qish oxirigacha yuz berishi mumkin bo‘lgan Moskva va Kiyevning ehtimoliy hujumi oldidan Ukrainani tezroq qurollantirmoqchi.