O‘zbekiston | 16:14 / 25.01.2023
13273
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sut mahsulotlari sanoatida Ukraina standartlari joriy etiladi

Foto: Dunyo

O‘zbekistonning sut mahsulotlari sanoatida Ukraina standartlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukraina oziq-ovqat xavfsizligi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat xizmati raisining o‘rinbosari Olga Shevchenko bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Uchrashuv chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasidagi O‘zbekiston-Ukraina hamkorligining bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, sut mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston aholisini yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ukraina davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan.

«O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi favqulodda va muxtor elchisi bilan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchi Ukraina korxonalarini akkreditatsiyadan o‘tkazishni soddalashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning boshqa masalalari muhokama qilindi», deyiladi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kungacha O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida xalqaro sertifikatlarning 17 ta shakli kelishilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xodimlari bilan Davlat oziq-ovqat va iste’mol xizmati mutaxassislari o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligi va veterinariya sohasida nazoratni optimallashtirish yo‘llarini topish maqsadida onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid