O‘zbekiston | 16:17 / 31.01.2023
12861
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi uylardan birida yana gaz portladi

4 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Nukus tumani hokimligi

31 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanidagi uylardan birida gaz chaqnashi sodir bo‘ldi. FVV xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida to‘rt kishi jarohatlangan.

«Bugun, 31 yanvar kuni soat 07:55 larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani «Okterak» MFYda joylashgan 2 qavatli uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan.

Hodisa joyiga zudlik bilan tuman FV bo‘limi yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib borgan.

Chaqnash oqibatida 4 nafar fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, Nukus tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Hozirda chaqnashning sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda. Holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Bu Qoraqalpog‘istonda so‘nggi kunlarda gaz portlashi bilan bog‘liq uchinchi holatdir. 27 yanvar kuni Xo‘jayli tumanida tuman soliq idorasi oshxonasida sodir bo‘lgan portlashda bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangandi. 29 yanvar kuni Nukus shahridagi to‘rt qavatli uyda gaz portlab, uy qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan.

Mavzuga oid