Yevropada qishki transferlar oynasi yopildi.

«Arsenal» Jorjinoni safiga qo‘shib oldi

«Arsenal» «Chelsi»dan 31 yoshli yarimhimoyachi Jorjinoni transfer qildi. Tomonlar 10 million funtga kelishishgan (2 mln funtlik bonuslar ham ko‘zda tutilgan). Futbolchi bilan 2024 yil yoziga qadar shartnoma tuzilgan, muddat yana bir yilga uzaytirilishi mumkin. Jorjino yangi klubida 20-raqamli futbolkada to‘p suradi.

Bu qishning eng kutilmagan transferlaridan biri bo‘ldi. Joriy mavsumda chempionlik uchun kurashayotgan Arteta jamoasi maydon markazida yangi futbolchiga ehtiyoj sezayotgandi. «Arsenal»da ayni vaqtda tayanch yarimhimoyasida Chaka va Parti juftligi harakat qiladi. Ammo ulardan biri o‘ynay olmaydigan taqdirda, bu pozitsiyada o‘ynaydigan boshqa futbolchi yo‘q. Ishonchni oqlay olmagan yosh Sambi Lokonga «Kristal Pelas»ga ijaraga berildi (shuningdek, Suaresh «Fulhem»ga, Markinos «Norvich»ga ijaraga berilgan), Muhammad Al-Neni esa jarohat olgan. Londonliklar bu muammoni hal qilish uchun uzoq vaqt davomida «Brayton» futbolchisi Moyses Kaysedo uchun kurash olib bordi - ammo jamoaning qator takliflari rad etildi - «Brayton» bu futbolchisini 70 mln funtga ham sotishga rozi bo‘lmadi. Natijada e’tiborini Jorjinoga qaratgan «kanonirlar» kerakli pozitsiyani katta bo‘lmagan mablag‘ evaziga yopa oldi. Qolaversa, Jorjino hujumda ham faol harakat qiladi - Arteta uni o‘z o‘yin uslubiga mos futbolchi deb topgan.

Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Artetaning ishtiroki transferda hal qiluvchi omil bo‘lgan: «Men Arteta avval ham bir necha marta meni jamoasiga qo‘shib olishni xohlaganidan xabardor edim, lekin men buni istamagani tufayli emas, boshqa turli sabablarga ko‘ra bu ro‘y bermayotgandi. Albatta, u bu transferga katta ta’sir ko‘rsatdi».

Italiyalik yarimhimoyachi 2018 yildan buyon «Chelsi» safida o‘ynab kelayotgandi. Ko‘klar jamoasida Jorjino jami 213 o‘yinda maydonga tushib, 29 gol urgan va 9 golga uzatma bergan. U «Chelsi» bilan Yevropa Ligasida, Chempionlar ligasida va UYeFA Superkubogini qo‘lga kiritgan, shuningdek klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Enso Fernandes «Chelsi»ga o‘tdi

«Chelsi» «Benfika» bilan 22 yoshli Enso Fernandes transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Transfer qiymati 120 million yevroni tashkil etadi. Fernandesning London klubiga o‘tishi APL uchun rekord darajadagi transferga aylandi (bunga qadar bu borada birinchi o‘rinda «Aston Villa»dan «Manchester Siti»ga 117 million yevro evaziga o‘tgan Jyek Grilish turgandi) va futbol tarixidagi eng qimmatbaho xaridlar oltiligiga kirdi (2019 yilda Joau Felish «Benfika»dan «Atletiko»ga 127,2 mln yevro evaziga, 2018 yilda Koutino «Liverpul»dan «Barsa»ga 135 mln yevro evaziga, Usmon Dembele 2017 yilda «Borussiya» Dortmunddan «Barsa»ga 140 mln yevro evaziga, 2017 yilda Mbappe «Monako»dan «PSJ»ga 180 mln yevro evaziga, 2017 yilda Neymar «Barsa»dan «PSJ»ga 222 mln yevro evaziga transfer bo‘lgan).