26-27 yanvar kunlari Bishkekdagi uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ikki davlat aloqalarini keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdi. Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Javohir Badalovga ko‘ra, tashrif davomida imzolangan eng muhim hujjatlardan biri Qambarota-1 GESni birgalikda qurish bo‘yicha kelishuv hisoblanadi.
«Fikrimcha, o‘tgan tashrifning asosiy voqealaridan biri bu Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish bo‘yicha kelishuvga erishilishi bo‘ldi. Xususan, tashrif arafasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qambarota-1 GES qurilishi bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolandi. 6 yanvar kuni Bishkekda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolangan edi.
Unga ko‘ra, balandligi 256 m bo‘lgan to‘g‘on va hajmi 5,4 mlrd kub metrga teng suv ombori, 1860 MW quvvatli gidroelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Qurilayotgan GES yiliga 5,6 mlrd KW-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda», – deydi mutaxassis Kun.uz’ga taqdim qilgan maqolasida.
GES nafaqat jalb qilingan mamlakatlar, balki butun mintaqa uchun ham ilg‘or loyiha hisoblanadi.
«Gidroelektr stansiyaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u mintaqaning yaqin tarixida uchta mamlakat ishtirokida amalga oshirilishi kutilayotgan birinchi qo‘shma megaloyihadir. Tomonlar yiliga 930 mlrd KW-soatni tashkil etadigan Markaziy Osiyoning kuchli gidroenergetika salohiyatini ishga solish uchun sa’y-harakatlarini birlashtirmoqda. Shu bilan birga, ko‘rilgan choralarga qaramay, bugungi kunda u atigi 11 foiz o‘zlashtirilgan.
Shubhasiz, Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini ishga tushirish masalasi arzon va ekologik toza energiyaga bo‘lgan ehtiyojning barqaror o‘sishi fonida dolzarbligi ko‘rinib turibdi. Bu birinchi navbatda mintaqada iqtisodiyot va aholi sonining jadal o‘sishi hamda sanoat kooperatsiyasining kengayishi bilan bog‘liq».
Javohir Badalov keltirgan raqamlarga ko‘ra, 2030 yilga borib Qozog‘istonda elektr energiyasi iste’moli 136 mlrd KW-soatni (2020 yilga nisbatan 21% o‘sish), O‘zbekistonda 120,8 mlrd KW-soatni (1,7 baravar o‘sish), Qirg‘izistonda 20 mlrd KW-soatdan ko‘proqni (50% o‘sish) tashkil etishi kutilmoqda.















