Yevropada transferlarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddati tugadi. «Sport-Ekspress» bu safargi transferlar oynasining asosiy tendensiyalari haqida yozdi.

Qatar qahramonlariga «ov»

Jahon chempionatlari doimo klublarning turnirda yaxshi ishtirok etgan futbolchilarga jiddiy e’tiborini qaratadi — ayniqsa bungacha diqqat markazida bo‘lmagan va shu turnirda porlaganlarga. Qishda o‘tgan bo‘lsa ham JCh-2022 istisno bo‘lmadi. Yanvardagi transferlar oynasida klublar odatda tarkibni jiddiy kuchaytirmaydi, shu tufayli Qatardagi turnirning barcha qahramonlari yoppasiga yangi klublarga o‘tishi kuzatilmadi. Shunga qaramay tendensiya baribir saqlanib qoldi.

Transferlar bozoridagi yangilik marokashliklar bo‘ldi. Xususan, Qatardagi turnirda milliy jamoa tayanch zonasini betonlab tashlagan Azzedin Unai va Sofyan Amrabatga qiziqish yuqori edi. Ularning birinchisi 8 million yevro evaziga «Anjye»dan «Marsel»ga o‘tdi, ikkinchisining transferi borasida «Fiorentina» va «Barselona» o‘rtasida muzokaralar uzoq davom etdi, ammo italiyaliklar futbolchini ijaraga berishni istashmadi. Hakim Ziyosh ham klubini o‘zgartirishi kutilgandi — «PSJ» dedlayn arafasida ushbu havbekni «Chelsi»dan ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga erishgandi, ammo londonliklar uch marta Fransiyaga noto‘g‘ri hujjatlar yuborishi oqibatida transfer barbod bo‘ldi.

Turnirda bronza medallar sohibi bo‘lgan Xorvatiya tarkibidagi futbolchilarga ham ko‘p klublar tomonidan qiziqishlar bo‘ldi. Masalan, Braziliya bilan o‘yindagi javob goliga assistentlik qilgan Mislav Orshich Zagrebning «Dinamo»sidan «Sauthempton»ga o‘tdi, darvozabon Dominik Livakovichni esa «Vilyarreal» yoki «Nottinghem Forest» sotib olishi mumkin edi. Deyan Lovrenning «Lion»ga ko‘chib o‘tishi ham qaysidir ma’noda JCh-2022 ta’sirida ro‘y berdi.

Qatarda kutilganidan kuchliroq o‘yin namoyish etgan niderlandiyaliklarning ikki nafari APL top-klublariga o‘tishdi: Kodi Gakpo — «Liverpul»ga, Vaut Veghorst — «MYu»ga. Ikki metr bo‘yga ega avstraliyalik himoyachi Harri Suttar dedlayn arafasida «Stouk Siti» libosini «Lester» libosiga almashtirdi. Barcha top-klublar uchun birinchi nishon esa kutilganidek mundialning eng yaxshi yosh futbolchisiga aylangan Enso Fernandes bo‘ldi — «Chelsi» tom ma’noda so‘nggi daqiqaga qadar «Benfika» bilan muzokara olib bordi va baribir portugallar klubini o‘z javohirini sotishga ko‘ndirdi. 121 million yevro — argentinalik yosh futbolchi bir lahzada APLning eng qimmatbaho futbolchisiga va qishki transferlar oynasi tarixidagi eng qimmatbaho xaridlardan biriga aylandi.