Britaniya Qirollik harbiy-havo kuchlari samolyoti Zelenskiyni Londondagi Stansted aeroportiga yetkazdi.

Sunak Zelenskiyni shaxsan chiqib aeroportda kutib oldi va tvitter sahifasida u bilan tushgan fotosuratini joylashtirdi.

Bu Zelenskiyning Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon ikkinchi bor xorijga safar qilishidir, avvalroq u Polsha orqali AQShga borgandi.

Rejaga ko‘ra, safar davomida Zelenskiy Britaniyada jangovar tayyorgarlikdan o‘tayotgan ukrainalik harbiylar bilan ham uchrashishi ko‘zda tutilgan.

«Prezident Zelenskiyaning Buyuk Britaniyaga tashrifi - uning mamlakati jasorati, qat’iyati va kurashi, shuningdek mamlakatlarimiz o‘rtasidagi buzilmas do‘stlikka dalildir», degan Sunak.

Zelenskiy kelgan samolyotning qo‘nishi

Chorshanba kuni London Buyuk Britaniya ukrainalik uchuvchilar G‘arb namunasidagi qiruvchi samolyotlarni boshqarishga o‘rgatilishi boshlanishini e’lon qildi.

Bu qaror Buyuk Britaniyaning Ukrainaga G‘arb qiruvchi samolyotlari yetkazib berish bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarganidan darak berishi mumkin. Avvalroq Sunak bunday yordam «amaliy emasligi»ni aytib, buni Britaniya harbiy samolyotlari juda murakkabligi, ularda parvoz qilishni o‘rganish uchun bir necha oy vaqt talab etilishi mumkinligi bilan izohlagandi.

Britaniya Ukraina harbiylarini tayyorlash dasturini kengaytirib, yana 20 ming kishini jangovar harakatlarga tayyorlashni maqsad qilgan. Xabar qilishlaricha, britaniyalik harbiy mutaxassislar ukrain dengiz piyodalarini ham o‘qitadi.

Videoaloqa orqali ilk chiqish

Bosh vazir idorasiga ko‘ra, Sunak Kiyevga Rossiya Ukrainaning muhim infratuzilmalariga zarba berishining oldini olishi uchun nisbatan uzoq masofadagi nishonlarga zarba berish vositalarini taklif qilmoqchi. Aynan qanday qurollar haqida gap ketayotganiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

Zelenskiy o‘tgan yili Britaniya parlamentiga videoaloqa orqali murojaat qilgandi. Foto: UK PARLIAMENT 

Britaniya hukumati shuningdek Rossiyaga qarshi, jumladan [prezident Vladimir] Putinga «shaxsiy boyligini ko‘paytirishga yordam berayotganlar va Kreml harbiy mashinasi orqali daromad topayotgan kompaniyalar»ga qarshi sanksiyalar e’lon qilmoqchi.