01:18 / 10.02.2023
32393

«Hatayspor» Turkiya Superligasidagi ishtirokini to‘xtatdi. «Gaziantep» ham turnirni tark etmoqchi

Foto: Hatayspor

«Hatayspor» Turkiya Superligasi joriy mavsumidagi ishtirokini davom ettirmaydigan bo‘ldi.

Hataydagi kuchli zilzila sababli jamoaning bir qator futbolchilari va xodimlari vayronalar ostida qolgan. Jamoa o‘yinchilaridan Burak Oksyuz, Bertug Yildirim, Karim Aliji va murabbiylar shtabidagi Akram Ekshiog‘lu hamda Usmon Otash qutqarib olingan. Ganalik xavbek Kristian Atsu va sport direktori Taner Savut esa hamon xarobalar ostida qolmoqda.

Turkiya futbol federatsiyasi prezidenti Mexmet Buyukekshi bu borada bayonot bilan chiqdi.

«Hatayspor» prezidenti bilan uchrashuvda Kristian Atsu haqida so‘radim. U vayronalar ostida qora tanli futbolchi qutqarib olinganini, ammo bu Atsu yoki yo‘qligini bilmasligini aytdi. Haligacha aniq ma’lumot yo‘q. Umid qilamanki, Kristian qutqarilgan odamlar orasida.

«Hatayspor» bugun federatsiyaga xat yo‘lladi. Unda klub mavsumdagi o‘yinlarini davom ettirmasligini ma’lum qilgan. «Gaziantep» klubi ham turnirni tark etmoqchi. Agar bu ro‘y bersa, musobaqani 17 jamoa ishtirokida davom ettirishga to‘g‘ri keladi», - deydi Turkiya futbol federatsiyasi rahbari.

Ma’lumot uchun, «Hatayspor» 23 ochko bilan Turkiya Superligasida 14-o‘rinda, «Gaziantep» esa 25 ochko bilan 10-o‘rinni egallab turibdi. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiyadagi vayronkor zilzila tufayli halok bo‘lganlar soni 9 fevral holatiga ko‘ra 17 134 nafar, jarohatlanganlar 70 ming kishini tashkil etmoqda. Mamlakatda barcha sport turnirlari to‘xtatilgan.

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top