Jahon | 11:44 / 10.02.2023
8134
3 daqiqa o‘qiladi

Trampning Facebook va Instagram akkauntlari tiklandi

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning Instagram va Facebook’dagi akkauntlari ham Twitter ijtimoiy tarmog‘idan keyin blokdan chiqarildi. 

Foto: Reuters

Meta kompaniyasiga tegishli Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning akkauntlarini blokdan chiqardi. Siyosatchining sahifalari 9 fevral, payshanba kuni kechqurun foydalanuvchilarga yana faol sifatida ko‘rsatila boshlandi. 

Tramp tarafdorlari tomonidan Kapitoliyga bostirib kirishga urinishdan keyin 2021 yil boshidan beri kirish imkoni bo‘lmagan sahifalar ochilganidan dastlabki soatlarda siyosatchi sodir bo‘lgan voqealarga munosabat bildirmadi. 

Sobiq prezidentning ikki ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlari tiklanishi haqida yanvar oyi oxirida Meta kompaniyasining global masalalar bo‘yicha prezidenti Nik Klegg rasman ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu harakat «takroriy qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun» yangi cheklovlar bilan birga bo‘ladi: agar Tramp platforma qoidalarini buzsa, u yana ikki yillik taqiqqa duch keladi. 

2022 yil noyabr oyi oxirida Twitter egasi Ilon Mask ham bundan oldin foydalanuvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib, Trampning ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntini blokdan chiqargandi. Biznesmen sobiq prezidentning Twitter avvalgi egalari tomonidan qabul qilingan akkauntini bloklash qarorini xato deb atadi. 

Trampning o‘zi bloklashning ochilishiga katta qadam sifatida qaramadi, u Twitter’ga qaytish niyatida emasligini bildirib, o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida sahifasini yuritayotganini aytdi. Twitter akkaunti qayta tiklanganidan beri va 2023 yil 10 fevral holatiga ko‘ra u o‘z sahifasida birorta ham yangi post yozmagan. 

2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishdan so‘ng, eng yirik ijtimoiy tarmoqlar siyosatchining sahifalarini bloklab, uni «zo‘ravonlikka undash xavfi»ni yaratishda aybladi. Bu 2021 yil 6 yanvarda Tramp tarafdorlari tomonidan AQSh Kapitoliysiga bostirib kirishga urinish vaqtida yuz berdi. Hujum sababi AQSh prezidentlik saylovlari natijalariga rozi bo‘lmaganlik bo‘ldi, unda Tramp Jo Baydenga yutqazdi. Trampning o‘zi ovoz berish natijalarini tan olishdan bosh tortdi, shu bilan birga, 2023 yil yanvar oyi oxirida 2024 yilgi saylovlarda ishtirok etish uchun kampaniya boshlanganini e’lon qildi. 

Mavzuga oid