Qo‘shinlarni boshqarish tobora ko‘proq raqamli tarmoqlarga bog‘liq bo‘lib bormoqda
Foto: GETTY CREATIVE STOCK

Delta tizimi oktyabr oyida NATOning Tide Sprint yopiq tadbirida taqdim etilgandi. Delta.mil.gov.ua saytida tizimni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash bilan Ukraina mudofaa vazirligining Mudofaa texnologiyalarini rivojlantirish va innovatsiya markazi shug‘ullanayotgani haqida xabar berilgan.

Biroq, New York Times nashri noyabr oyida ushbu tizim NATO bilan hamkorlikda ishlab chiqilgani va Ukrainadagi urush uni sinovdan o‘tkazish hamda tuzatish uchun tajriba poligoniga aylanganini yozdi.

Tizimga kirish joyi internetdagi Delta.mil.gov.ua manzilida joylashgan, deyiladi press-relizda.

Delta tizimining tuzilishi uning tavsifida aytilishicha, uchta asosiy komponentdan iborat:

  • Delta monitor — bu dushman kuchlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va namoyish qilish, mudofaa kuchlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, NATO standartlari bo‘yicha vaziyatdan xabardorlikni ta’minlash uchun vositadir.
  • Element — bu bo‘linmalarning o‘zaro hamkorligi va muvofiqlashtirilishi uchun xavfsiz messenjer.
  • Delta tube — videolarni jo‘natish uchun himoyalangan kanal.

Shuningdek, press-relizda aytilishicha, tizimga sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, radarlar, detektorlar, GPS-trekerlar va qurollardan olingan ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari integratsiyalangan.

Tizim hakerlar hujumidan himoyalangan. Ukraina mudofaa vazirligi saytida yozilishicha, hukumat Delta’ni raketa hujumlari va kiberhujumlardan himoya qilish uchun uning bazasini mamlakat tashqarisidagi «bulut»ga joylashtirishga ruxsat bergan.

Bu qanday tizim?

Bunday tizimlarning umumiy prinsiplarini ta’riflash qiyin emas — o‘yinchi jang maydonini ko‘ruvchi va sichqoncha yordamida o‘z qo‘shinlariga buyruq beruvchi taktik kompyuter o‘yinini tasavvur qiling: tank qismlari jangga kiradi, raketalar nishonga qarab uchadi, zaxira kuchlari kerakli vaqtda kerakli nuqtaga qarab harakatlanadi (masalan Command & Conquer: Generals).