Holatni o‘rganish maqsadida Kun.uz muxbiri mazkur tumanda bo‘lib, guvohlardan izoh oldi.

Guvohlarga ko‘ra, 2023 yil 2 fevral kuni shifoxona hamshirasi Sh.B. hamda uning onasi, kichik tibbiy xodim bo‘lib ishlab kelgan D.M. o‘sha shifoxonaning tez yordam bo‘limiga qonga belangan holda olib kelinadi. Ularni bir bo‘limda ishlab kelgan N.A. choynak bilan yuz qismiga urgani aytilmoqda.

Tez tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Lapas Rasulovning aytishicha, jarohat olgan hamkasblariga birinchi yordam ko‘rsatiladi. Tekshiruvlar natijasida hamshira Sh.B.ga burun suyagi yopiq sinishi, burun usti sohasi urilib, kesilgan jarohati, bosh miya chayqalishi, kichik tibbiy xodim D.M.ga esa burun usti, chap yonoq sohasi, chap ko‘z ichki burchagi urilib, kesilgan jarohati, bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yiladi.

Ularga zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilgach, 11 fevral kuni qoniqarli ahvolda uyiga ruxsat berilgan.

Bo‘lim boshlig‘i Rasulov o‘sha kunning o‘zida IIBga xabar berilganini aytmoqda.

Ikki tomon bilan ham ko‘rishib, voqea tafsilotlarini so‘rashning imkoni bo‘lmadi.

Rejali xirurgiya bo‘limi katta hamshirasi Ra’no Jumaboyevaning aytishicha, hamkasblarini choynak bilan urgan N.A. o‘sha bo‘lim boshlig‘i Aziz Jo‘rayevning turmush o‘rtog‘i. Jo‘rayev ham o‘sha voqeadan so‘ng ishga kam kelayotgani aytildi. Biz borgan vaqtda ham ishda bo‘lmagani uchun voqea tafsilotlarini uning o‘zidan eshitishning imkoni bo‘lmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur bo‘limda Aziz Jo‘rayevning otasi, turmush o‘rtog‘idan tashqari yana ikki qarindoshi ham ishlab kelayotgan ekan. Jo‘rayev bo‘lim boshlig‘i bo‘lgunga qadar uning otasi Olim Jo‘rayev shu lavozimda ishlab kelgan.

2 fevral kungi janjal ham arzimas narsadan kelib chiqqan. Guvohlarga ko‘ra, hamshira Sh.B. bo‘lim boshlig‘ining topshirig‘iga ko‘ra onasi D.M. yomg‘irli kunda tashqarida ishlatilgani uchun uning yonini oladi. Natijada, vaziyatga shu bo‘limda ishlab kelayotgan N.A. ham aralashadi. U bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan turmush o‘rtog‘ining yonini olib, ikki hamkasbiga jarohat yetkazadi.