“2019 yil dekabr oyida sotib olinganda uy yaxshi holatda bo‘lgan. Ikki-uch oyning ichida devorlar yorila boshlagan. Keyinchalik yoriq ilgaridan bo‘lgani, uning usti po‘kak bilan qoplanib, gulqog‘oz bilan yashirilgani ma’lum bo‘ldi. Uy shaharsozlik norma va qoidalariga rioya qilmasdan qurilgani uchun ko‘p o‘tmay yoriqlar kengayib ketgan.

Qurilish vazirligining «Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy tekshirish davlat institutining «O’ZGASHKLITI» DUK tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida ushbu uy avariya holatida deb topilgan. Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassislari vaziyatni o‘rganib, ushbu xonadon avariya holatida ekani, aholini zudlik bilan ko‘chirish zarur degan xulosa berishgan hamda bu haqda tuman hokimligiga, prokuraturaga taqdimnoma kiritishgan. Lekin bulardan hech qanday natija bo‘lmadi”, deydi 55-b uydagi 17-xonadon egasi Niyora Umrzoqovaning ishonchli vakili va amakisi Valijon Umrzoqov.

«O’ZGASHKLITI» DUK tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish xulosasi Foto: Kun.uz

Avariya holatidagi uyda yashovchilarga ko‘ra, devordagi yoriqlar 2020 yildayoq paydo bo‘lgan hamda vaqt o‘tgani sayin kengayib borgan. Xonadon egalari yuzaga kelgan muammo haqida pudratchi, ya’ni “Quyun” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarlari aka-uka Aziz va Ravshan Zokirovlarga xabar berishgan. Biroq ular kamchiliklarni bartaraf etish o‘rniga fuqarolarga qayerga borsang bor, qo‘lingdan kelganini qil qabilida javob berishadi.

Aka-uka Ravshan (o‘ngda) va Aziz Zokirovlar Foto: Kun.uz

Shundan so‘ng huquqlari buzilgan, hamiyati toptalgan xonadon sohiblari tegishli idoralarga murojaat qila boshlaydi. Tinimsiz murojaatlardan so‘ng uyning qurilish me’yorlariga qanchalik muvofiq qurilganini aniqlash maqsadida prokuratura tomonidan ekspertiza tayinlanadi. Ekspertiza davomida uy poydevorsiz qurilgani, bundan tashqari, juda ko‘plab qurilish me’yorlariga mutlaqo amal qilinmagani aniqlanadi.

“Uy poydevordan boshlanadi. Poydevorsiz imoratni uy deb bo‘ladimi? Uyning poydevori yo‘qligi tergov davomida tayinlangan ekspertizadan so‘ng ma’lum bo‘ldi. Respublika sud ekspertiza markazidan vakillar kelib binoning hamma yog‘ini tekshirishdi, suvoqlarini ko‘chirib, devor va poydevorni ko‘zdan kechirishdi. Ekspertizadan so‘ng uy 38 ta shaharsozlik me’yoridan 27 tasiga javob bermasligi aniq bo‘ldi”, deydi Valijon Umrzoqov.