Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2022 yilning iyun oyida o‘qituvchilarga vazirlik pulli xizmat ko‘rsatmasligi hamda “Mahoratli pedagog” jurnali bilan hamkorlik qilmasligi haqida ogohlantirish bilan chiqqandi.

So‘nggi kunlarda ayrim telegram kanallar, jumladan “Mahoratli pedagog” kanali va jurnali Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat yuritishi borasida haqiqatga zid bo‘lgan ma’lumotlarni bergan holda, o‘z jurnalida pulli asosda maqolalar chiqarish hamda pulli seminarlarga qatnashish xizmatlarini targ‘ib qilmoqda.

Buning evaziga esa sertifikat egalariga navbatdagi attestatsiyadan o‘tish, toifa va ustama olishda yordam bo‘lishi iddao qilinmoqda.

Shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligi “Mahoratli pedagog” telegram kanali va jurnali bilan hech qanday aloqasi yo‘q ekanini, ushbu kanal orqali beriladigan sertifikat esa hech qanday imtiyozlarga ega emasligini va Xalq ta’limi vazirligi pedagoglarga bu kabi pulli xizmatlar ko‘rsatmasligini ma’lum qiladi”, — deyilgandi vazirlik ogohlantirishida o‘shanda.

Biroq mazkur ogohlantirishga qaramasdan, o‘qituvchilar o‘rtasida pul to‘lash evaziga nodavlat ta’lim markazlari tomonidan “xalqaro forum”, “xalqaro o‘quv seminari” niqobi ostida uyushtirayotgan tadbirlarda onlayn ishtirok etish, sertifikat va esdalik nishoni sotib olish, jurnallarda maqolalar chop etish holatlari kamaygani yo‘q. Aksincha, nodavlat ta’lim markazlarining bu boradagi “biznesi” gullab-yashnamoqda.

Nega pedagoglar peshona teri bilan ishlab topgan pulini bu kabi markazlarga qo‘shqo‘llab topshiryapti? Bundan ularning manfaatdorligi nimada?

Mustaqil tadqiqotchi, pedagog Iqboljon Kamolov bunday markazlar faoliyati haqida shunday yozmoqda:

“Jamiyat “yirtqich” jurnallarga qarshi kurashishi va tadqiqotchilar o‘zlari buni boshlab berishlari lozim. Qonun shunga xizmat qilishi kerak.

AQSh Federal savdo komissiyasi Hindistondagi shunday “yirtqich” nashriyotlardan birini sudga berib, 50 million AQSh dollari jarima to‘lashga majbur qilgan. Umuman olganda esa, “yirtqich” jurnallar va ularning o‘rtakashlari bir yilda 393 mln AQSh dollari miqdorida daromad qiladi. Ularning iqtisodiyot va ilm-fanga keltirayotgan zarari esa bundan ancha ko‘p ekani shubhasizdir.