Norvegiya maxsus xizmati 23 yanvar kuni e’lon qilgan yillik hisobotda aytilishicha, yadroviy kuchlarning asosiy qismi Shimoliy flotning suvosti kemalari va kemalariga joylashtirilgan. «Odatiy mudofaa salohiyati zaiflashishi fonida Rossiya uchun yadro qurolining ahamiyati sezilarli darajada oshdi», deb yozgan hisobot mualliflari.

«Taktik yadroviy qurollar NATO davlatlari ishtirok etishi mumkin bo‘lgan bir qancha operativ ssenariylarda ayniqsa jiddiy xavf tug‘diradi», degan Norvegiya razvedkasi.

Norvegiyaning The Barens Observer portali hisobotga izoh berar ekan, bu taxminni «sensatsion yangilik» deb atadi.

«Sovet davrida Shimoliy dengizdan chiqqan kemalar taktik yadro qurollari bilan dengizda yurardi, biroq uncha kuchli bo‘lmagan yadro qurollarining dengizga chiqishi sovuq urush davri tugaganidan beri kuzatilmagandi», deydi nashr.

Rossiyaning strategik yadro kallaklari

Norvegiya razvedka xizmati rahbari o‘rinbosari Lars Nordram Rossiya yaqin yillarda yanada «avtoritar va harbiylashgani» bo‘lishini ta’kidladi.

U propaganda va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish yaqin yillarda yanada kuchayishi va Moskva butun dunyodagi avtoritar rejimlar bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatishga intilishini taxmin qilgan.

Nordram Ukrainadagi urushni «Rossiya uchun falokat» deb atagan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning 100 mingdan ortiq askari halok bo‘lgan yoki yaralangan.

Rossiya mudofaa vazirligi Norvegiya razvedka xizmatining hisobotiga hozircha izoh bermadi.

Olti kema birdaniga

Taktik yadro quroli (TYQ) — bu jang maydonida yoki front ortidagi katta nishonlarni yoki dushman qo‘shinlarining konsentratsiyasini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan kichik yadro qurolidir.

Dengiz flotida ularni artilleriya qurollari, kema qanotli raketalari, qirg‘oq va paluba aviatsiyasi, shuningdek suvosti qurollari – torpeda, chuqurlik bombasi, dengiz minalariga joylashtirish mumkin.

Sovuq urush davrida ko‘pchilik, hatto kichik kemalar ham bortida yadroviy arsenal olib yurgan, masalan, fregat (patrul) sinfidagi kemalar.