AQSh prezidenti Jo Bayden oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi va prezident Zelenskiy bilan uchrashdi.

«Sizning tashrifingiz barcha ukrainlar uchun o‘ta muhim bo‘lgan qo‘llab-quvvatlov belgisidir», dedi ukrainlar prezidenti. Volodimir Zelenskiy va Jo Bayden urushning to‘qqiz yili davomida halok bo‘lgan askarlar uchun o‘rnatilgan yodgorlikni ziyorat qildi.

Amerika prezidenti tashrifi haqida oldindan ma’lum emasdi, qolaversa, Oq uy bir necha bor bunday tashrifni amalga oshirish norealligi - urush ichidagi mamlakatda prezidentning tashrifi xavfsiz kechishini ta’minlash imkon doirasidagi ish emasligini bildirgandi.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, Bayden 20-22 fevral kunlari Polshada bo‘lib, prezident Anjyey Duda bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgandi.

Buning o‘rniga Bayden milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan bilan birgalikda Ukraina poytaxtida paydo bo‘ldi.

New York Times nashri ma’lumotiga ko‘ra, Bayden Kiyevga poyezd orqali Polshadan kelgan, bungacha ham Amerikaning boshqa yuqori martabali rasmiy shaxslari shunday yo‘nalishdan foydalangandi.

Rolling Stone jurnali Oq uydagi yuqori martabali mulozimga asoslanib yozishicha, Baydenga bu safar bo‘yicha bir necha reja taqdim etilgan. Ulardan biriga ko‘ra, Bayden va Zelenskiyning uchrashuvi Polsha va Ukraina chegarasidagi maxfiy joyda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Boshqa g‘oyaga ko‘ra, uchrashuvni urush boshidan buyon bir necha bor Rossiya aviazarbalariga duchor bo‘lgan, lekin mamlakatning boshqa hududlariga qaraganda nisbatan tinch qolayotgan Lviv shahrida tashkillashtirish mumkin edi. Ammo Bayden aynan Kiyevga borishga qaror qilgan.

Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, Sallivan Oq uy Bayden Vashingtondan uchib ketishi arafasida ikki yadroviy davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday hodisaning oldini olish uchun Baydenning Ukrainaga tashrifi haqida ogohlantirganini aytgan. AP ma’lumotiga ko‘ra, Bayden Kiyevda bo‘lib turganida shahar ustidagi havo kengligi Polsha hududida turgan Amerika razvedkachi samolyotlari tomonidan kuzatib turilgan.

Bayden Kiyevga 20 fevral kuni ertalab soat 8 atrofida kelgan va Ukraina poytaxtida besh soatdan ortiqroq vaqt o‘tkazgan. Mahalliy vaqt bilan soat 14:00 dan o‘tib (Toshkent vaqti bo‘yicha 17:00) Amerika prezidenti Kiyevni tark etgani ma’lum bo‘ldi.