«Bir yil oldin dunyo Kiyevning qulashini kutayotgandi. Men aytishim mumkinki, u bardosh berdi, u kuchli va eng asosiysi - u erkin», deya Varshavadagi Qirollik qal’asidagi nutqini boshladi Bayden.
U avtokratlarning ishtahasini yon berib to‘xtatib bo‘lmasligi, ularga faqat qarshi turish lozimligi, Ukrainadagi urush esa hech qachon Rossiya g‘alabasi bilan yakunlanmasligini aytdi.
«Avtokratlarga yon bosmaslik kerak, ularga faqat «yo‘q» deyish mumkin: Yo‘q, mening erkinligimni tortib ololmaysan. Yo‘q, mening vatanimni ololmaysan. Qo‘pol kuch hech qachon erkinlik ruhini sindirmaydi. Ukraina hech qachon Rossiya uchun g‘alaba maydoniga aylanmaydi. Rossiya hech qachon Ukrainada g‘olib bo‘la olmaydi, hech qachon», dedi Bayden. Bu so‘zlarni yig‘ilganlar olqishlar bilan qarshiladi.
O‘z chiqishida Bayden G‘arb Rossiyaga hujum qilish niyatida bo‘lmagani va uning ustidan nazorat o‘rnatmoqchi bo‘lmaganini aytib o‘tdi.
«Rossiya xalqiga murojaat qilmoqchiman: AQSh va G‘arb davlatlari Rossiyani yo‘q qilish yoki uning ustidan nazorat qilishga intilmaydi. Biz bugun Putin aytganidek, Rossiyaga hujum qilishni, uni egallab olishni rejalashtirmaganmiz. O‘z qo‘shnilari bilan tinch-totuvlikda yashashni xohlaydigan millionlab rossiyaliklar - dushmanlar emas. Bu urushga hech qanday zarurat yo‘q edi. Bu fojia. Urushni prezident Putin tanladi. Urushning har yangi kuni - bu uning tanlovi», dedi Bayden.
AQSh prezidenti Rossiyani NATOga a’zo davlatga hujum qilish oqibatlaridan ogohlantirdi.
«Qo‘shma Shtatlar NATO ittifoqi va Beshinchi modda tamoyiliga sodiqligiga shubha bo‘lmasligi kerak», dedi Bayden alyans a’zosiga qilingan hujumga kollektiv javob qaytarilishi to‘g‘risidagi moddani nazarda tutgan holda. «NATOning har bir a’zosi buni biladi. Va Rossiya ham: bir mamlakatga hujum qilish - bu barchaga hujum qilishga barobardir».
Vladimir Putin haqida gapirarkan, Bayden rossiyaliklar rahbari G‘arb mamlakatlari Ukrainaga bosqinga javoban ko‘rsatgan birdamlikni kutmagani haqida takrorlab o‘tdi.
«U o‘zi kabi avtokratlarni - kuchli, demokratik rahbarlarni esa zaif deb o‘ylagandi, keyin esa u Amerika va qo‘rquv hukmron bo‘lgan dunyo bo‘lishidan voz kechgan mamlakatlarning temir irodasi bilan to‘qnashdi», dedi AQSh prezidenti.
Polshadagi muzokaralar
Murojaatdan oldin Bayden polshaliklar prezidenti Andjyey Duda bilan muzokaralar o‘tkazdi.




















