«Biz shunchaki kamsitilgan odamlarmiz, hukumat bizni masxara qilmoqda. Bu yerda to‘rt-besh nafar farzandi bor, tom ma’noda yeydigan hech narsasi yo‘q insonlar bor», degan moldovalik Alla ismli ayol.
Moldova prezidentining so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakatida odamlar hozirda oilaviy daromadining 70 foizdan ortiq qismini elektr energiyasi to‘lovlariga sarflaydi.
Alla nafaqasining yarmini elektr energiyasi uchun to‘lashini aytgan.
«Hozirgi hukumatni saylaganimizda, ular bizga maosh va pensiyalarni oshirishga va’da berishgandi, ammo hozircha biz bir tiyin ham ko‘rmadik», deya qo‘shimcha qilgan Alla.
19 fevralda Kishinyovda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarini rossiyaparast «Shor» partiyasi uyushtirgan. Ma’lum qilinishicha, aynan shu partiya norozilik namoyishi qatnashchilari mamlakatning turli burchaklaridan kelishi uchun avtobuslarga pul to‘lagan.
«Shor» partiyasi tomonidan uyushtiriluvchi norozilik mitinglari Kishinyovda sentabr oyi o‘rtalaridan beri har yakshanba kunlari o‘tkazilmoqda. Biroq, so‘nggi namoyish, ayniqsa, chet ellik kuzatuvchilar diqqatini tortdi.
Ushbu namoyishdan bir necha kun oldin Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiya uning mamlakatida g‘arbparast hukumatni ag‘darib, rossiyaparast rejim o‘rnatish maqsadida isyon tayyorlayotganini aytdi. Moldova razvedkasi xabariga ko‘ra, bu rejani o‘zini tinch aholi vakillari sifatida ko‘rsatuvchi mamlakatga yuborilgan harbiy tajribaga ega bo‘lgan shaxslar amalga oshirishi kerak edi.
Moldova prezidenti Rossiyani davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi
Rossiya bu ayblovlarni Moldova hukumatining jamoatchilikni iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi muvaffaqiyatsizliklaridan chalg‘itishga urinishi deb atadi.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng qo‘shni Moldova juda qiyin ahvolga tushib qoldi.
Birinchidan, uning hududida rossiyaparast kayfiyatdagi, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Dnestrbo‘yi kvazidavlati mavjud. Ikkinchidan, Moldova Rossiya gaziga juda qaram. Oktyabr oyi boshidan beri Moskva Moldovaga yuboriluvchi gaz ta’minotini ikki baravarga qisqartirdi, bu esa rumin va rusiyzabon aholi o‘rtasidagi qarama-qarshiliklardan qochishga urinayotgan Kishinyov uchun muammolarni yana bittaga ko‘paytirdi.
Mamlakatda gaz va elektr narxi oshishiga qarshi namoyishlar 2022 yil kuzida boshlangan.










