2022 yil 24 fevral kuni Moskva vaqti bilan soat 5:30 atrofida Rossiya telekanallari efirida RF prezidenti Vladimir Putin chiqish qilib, «maxsus harbiy amaliyot» boshlangani haqida e’lon qiladi. Ammo bu bayonotdan oldinroq Rossiya armiyasi qismlari Ukrainaga bostirib kirishni boshlab yuborgandi. Ukrainalik chegarachi Ondriy Lernatovich Rossiya qo‘shinlari bilan birinchi bo‘lib to‘qnashganlardan bo‘lgandi. U Ukrainadagi «Babel» nashriga Luhansk oblastining Rossiya bilan chegara hududidagi xizmati va Rossiya bosqinining ilk kunlari haqida hikoya qilib berdi.
Bosqindan bir yil oldin
2021 yili 33 yoshda bo‘lgan Ondriy Lernatovich Luhansk oblastidagi Melovoye posyolkasida chegara xizmati bo‘limiga rahbarlik qilardi, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi chegara ushbu qishloq ko‘chalaridan biridan o‘tadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu joy xizmat o‘tash eng qiyin nuqtalardan biri ekanini tushungan, ammo shunga rozi bo‘lgan.
2021 yili Lernatovich amalda o‘z xizmat xonasida yashagan. «Divanda uxlardim. Ertalab soat olti yarimda vaziyat haqida rahbariyatga hisobot berardim. Bir necha kungacha uxlamaslikka to‘g‘ri kelgan vaqtlar ham bo‘lgan», — deya hikoya qiladi chegarachi.
Lernatovich javobgar bo‘lgan hudud Rossiya bilan chegaraning yuz kilometrlik qismini qamrab olardi, mahalliy aholi bu hududni «zelenka» deb ataydi — bu hudud chegara ustunlari o‘rnatilgan dasht va o‘rmonzorlardan iborat bo‘lib, «Melovoye» nazorat-o‘tkazish punkti Ukrainaning Melovoye va Rossiyaning Chertkovo posyolkalarini ajratib turuvchi Xalqlar do‘stligi ko‘chasida joylashgan. 2014 yilga qadar bu posyolkalar bitta aholi yashash manzili sanalardi.
Bosqindan bir hafta oldin
2022 yil fevralida, Lernatovichning hikoya qilishicha, mahalliy aholi ukrain chegarachilariga doimiy ravishda rossiyaliklarning harbiy manyovrlari haqida ma’lumot yetkazib turgan. O‘shanda Chertkovo posyolkasida rossiyalik chegarachilar soni ikki barobar oshib ketadi. Lernatovichning aytishicha, ular zirhli nimchalarda va kaskalarda, odatdagidan boshqacharoq qurollar ko‘tarib yura boshlagan.
«Xalqlar do‘stligi [ko‘chasi]ga ruslarning [kuniga] uchta emas, yettita naryadi chiqa boshladi. Avvallari biz rossiyalik barcha chegarachilarni yuzidan tanirdik. Endi esa men biror kishini tanimadim», — deya eslaydi Lernatovich.
22 fevral kuni Chertkovoni politsiya, prokuratura va Rossiyaning boshqa davlat tuzilmalari tark etadi. Shundan keyin Lernatovich va boshqa ukrain chegarachilari zirhli nimchasini yechishmaydi.




















