Suhbatdoshimiz Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kinologiya xizmati rahbari Inomjon Nasrullayev bo‘ldi.
— Turkiyaga borishdan oldin ilk kutilmalar qanday edi? Birinchi kunda nimalarni tasavvur qildingiz?
— Qardosh Turkiyada bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan 6 fevral kuni prezident topshirig‘i bo‘ldi. Biz jo‘nab ketish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan paytimizda yana bir qaytuvchi zilzila sodir bo‘ldi. Ikkinchi marta sodir bo‘lgan zilziladan keyin bizni Turkiyada nimalar kutayotganini, jabrlanganlar yanada ko‘payganini his qilib turardik.
Zudlik bilan samolyot bortiga qutqaruv texnikalari va kerakli asbob-anjomlarni joylashtirib, 100 nafar qutqaruvchi Hatay viloyatining Antakya shahriga yetib bordik. Yetib borishimiz bilan qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb etildik. Ishga kirishishimizning dastlabki daqiqalarida o‘zimga biriktirilgan qutqaruvchilar bilan birgalikda binolar ostida qo‘li qisilib qolgan 62 yoshli ayolni qutqardik. Ayol binoga kirish mumkin bo‘lgan hududdan 15 metr ichkarida edi, bu degani qutqaruvchilar 15 metr joyga kirib borib, qutqaruv ishlarini olib borishi kerak edi. Bu juda ham tahlikali edi, chunki bir kishini qutqarish uchun 5-6 kishi o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishi kerak.
— Umuman, ish jarayonlari, yaratilgan sharoitlar, ish tartiblari qanday bo‘ldi? Bu ham ko‘pchilik uchun qiziq.

— Ish tartibimiz ikki smenali tashkil etildi. To‘rt guruhga bo‘linib, ikki guruh kunduz kuni, ikki guruh kechqurun ishladik. Natijada 18 nafar insonni tirik holda olib chiqdik. 192 nafar halok bo‘lgan insonni ham vayronalar ostidan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Bizga berilgan hududdagi vayronalar ostida halok bo‘lganlar ham, jabrlanganlar ham qolmadi.
Hatto shunday holatlar bo‘ldiki, oldin qutqaruv ishlari olib borilib, ishlar tugagan binodan ham tirik insonni topdik. O‘sha vaziyatda qutqaruvchi itimiz odam bor ekanini xabar berdi. Turkiya harbiylari bu joyda qutqaruv ishlari tugagan, deb ruxsat bermasa ham, biz baribir u yerda 7 kun qolib ketgan insonni olib chiqdik.
— Xizmat itlari bino ichida tirik jon yoki vafot etgan inson borligini qanday sezadi va qay tarzda sizlarga yetkazadi?
— Agar tirik insonlar bo‘lsa, itlar aktiv tarzda, halok bo‘lgan bo‘lsa, passiv tarzda xabar beradi. Aktiv deganda, itlar ovoz orqali xabar beradi, passivda esa o‘sha nuqtaga termilib turadi, o‘tirib oladi. Itlar xabar bergan nuqtadan uzog‘i bilan 1,5 metr radiusda odamlar topildi. Bizning xizmat itlarining jangovar shayligini Ispaniya, Portugaliya, Turkiya, Bosniya qutqaruvchilar yuqori baholadi.






