«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filialida ishlab kelayotgan rahbar ayollardan biri G.S hamkasbi, tashkilot huquqshunosi I.S o‘ziga nisbatan bo‘lmag‘ur xatti-harakatlar qilib kelayotgani haqida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirdi.
Ayolning yozishicha, huquqshunos uni to‘shakka taklif qilgan. Rozi bo‘lmagach, ishdagi yo‘l qo‘ygan xatolarini pesh qilib, tegishli joylarga murojaat qilishi mumkinligini aytib shantaj qilgan.
Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida mazkur tashkilotda bo‘ldi.
G.S.ning aytishicha, tashkilot huquqshunosi boshqa hamkasb ayollarga ham shunday munosabatda bo‘lib kelgan va bu holatdan jamiyat rahbari Fayzulla Qurbonovning ham xabari bo‘lgan.

«Bu odam bir emas, ko‘p marta sha’nimga to‘g‘ri kelmaydigan munosabatda bo‘lishimni talab qilib keladi. Hamkasblarim oldida ham shunaqa gaplari bilan obro‘yimni to‘kishga urinadi. Uning xatti-harakatlari oilamga ham borib yetdi. Voyaga yetgan farzandlarim bor, ularning ruhiy holatiga bu salbiy ta’sir qilyapti.
Bu ish, hammada ham kamchiliklar bo‘lib turadi. Biroq I.S mana shunday holatlardan foydalanib, butun tashkilotda ko‘pchilikka so‘zini o‘tkazib kelyapti. Vaholanki, uning o‘zida ham jiddiy, qasddan qilingan holatlar bor. Masalan, Qo‘shrabot tumanidagi bir korxona jamiyatga qariyb 2,5 mlrd so‘m zarar yetkazgan. Ushbu holatni o‘rganishga aynan I.S. mas’ul bo‘lgan va yuqoridagi zararni 88 mln so‘m qilib ko‘rsatib, asossiz xulosa bergan. Ushbu holat bo‘yicha Qo‘shrabot tumani prokuraturasi jamiyatga taqdimnoma kiritib, I.S.ning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘ragan. Bu kabi misollar ko‘plab topiladi.
Tizimda kamchiliklar ko‘p, hududlardagi xodimlarga noo‘rin talablarni qo‘yib keladi. Mana shunday holatlarda ham u bilan ko‘p kelishmay qolganmiz. Shu sabab meni o‘zimga bosim qila boshladi. Yo men, yo sen ishlaysan, deyapti», dedi G.S.
Ayolning qo‘shimcha qilishicha, ushbu tashkilotga chetdan biror xodim kelib ishga joylasha olmaydi. Xodimlarni ishga qabul qilish «oldi-berdisiz» bo‘lmaydi, korxona ayrim eski rahbarlarning «tomorqasi»ga aylangan.

Biz tashkilot huquqshunosi I.S. bilan suhbatlashishga harakat qildik. U o‘sha kuni mast bo‘lgani, hech narsani bilmasligini ma’lum qildi. Kamera qarshisida intervyu bermasligini ham aytdi.








